Suriya muxolifati organi bo‘lmish muzokaralar bo‘yicha Oliy qo‘mita vakili Riyod Na'son Og‘aning ma'lum qilishicha, muxolifatdagilar BMT tomonidan Jyenevada mamlakatdagi siyosiy beqarorlikka barham berish maqsadida 9 mart kuni o‘tkazilajak muzokaralarda ishtirok etishga tayyor.
Uning Reyter agentligiga bergan xabariga ko‘ra, muxolifatdagilar siyosiy o‘tish bosqichini muhokama qilishni istashmoqda.
"Biz muzokaraga kelgan tomonlar bilan gaplashamiz", deydi u. Uning qayd etishicha, oxirgi kunlarda hukumat qo‘shinlari tomonidan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvning buzilishi holatlari kamaygan.
Muxolifat vakilining qo‘shimcha qilishicha, Suriya muxolifati payshanba kunigacha o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvning buzilishi butunlay bartaraf bo‘lishiga umid qilishadi.
Eslatib o‘tamiz, 22 fevral kuni Rossiya va AQSh Suriyada o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib olgani xabar qilindi. Kelishuvga ko‘ra, o‘t ochishni to‘xtatish rejimi 27 fevraldan boshlab kuchga kirdi.