Shimoliy Koreya hukumati mintaqada AQSh va Janubiy Koreya o‘zaro harbiy mashg‘ulotlarni o‘tkazishni rejalashtirayotgani sababli ushbu ikki davlatga hujum qilish bilan tahdid qilmoqda. Bu haqda Shimoliy Koreyaning Markaziy telegraf agentligi o‘z saytida ma'lum qildi.
Shimoliy Koreyaning mudofaa bo‘yicha milliy komissiyasi bayonotida aytilishicha, "AQSh va ularning Seuldagi qo‘g‘irchoqlari qiyofasidagi dushmanlar" Key Resolve va Foal Eagle harbiy mashg‘ulotlarini o‘tkazmoqchi. Pxenyanning fikricha, bu mashg‘ulotlar Shimoliy Koreya rahbariyatini yo‘q qilish bo‘yicha rejaning bir qismi hisoblanadi.
Bayonotda, shuningdek, "Shimoliy Koreya armiyasi va xalqi" AQSh va boshqa davlatlarning Shimoliy Koreyada yadroviy falokatni keltirib chiqarishga intilishiga qarshilik ko‘rsatish uchun yalpi hujum boshlashi aytib o‘tilgan.
Shimoliy koreyalik harbiylarning aytishicha, "adolatning ogohlantiruvchi yadroviy zarbasi" mamlakat armiyasi qo‘mondonligining maxsus farmoniga ko‘ra beriladi.