“Ma’naviy ekspertiza” axloq pardasi himoyachisimi yoki media makon nazoratchisi? Bahsli mavzuda katta suhbat

O‘zbekiston 16:10 / 16.11.2024 17478

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi barcha media mahsulotlarni ma’naviy ekspertizadan o‘tkazishini e’lon qildi. Bu esa keskin tanqidlarga sabab bo‘lmoqda. Ekspertiza milliy mentalitet va qadriyatlar himoyachisi bo‘lishi aytilgan, lekin faollar qamrov kengayib, senzuraga aylanib ketishidan xavotirda.

Kun.uz mavzu yuzasidan markaz vakili va faollar ishtirokida suhbat o‘tkazdi. Ijtimoiy tarmoqlarda ma’naviy ekspertiza davlat siyosatiga mos kelmaydigan, hukumatni jiddiy tanqid qiluvchi materiallarni yo‘q qilish kampaniyasi sifatida qabul qilinmoqda. Yana bir kutilma esa ekspertiza bahonasida senzuraning kuchayishidir. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi ikki qarashni ham keskin rad etadi, tashabbuskorlar fikricha, bu tekshiruv obektida – butun xalqimiz va ayniqsa yoshlar, bolalar manfaatlari turibdi. 

Media makonda tarqatilayotgan materiallarning turi va janri ko‘p, lekin ularning hammasi ham tarbiyaviy ahamiyatga ega emas, milliy qadriyatlarimizga mos kelmaydi. Ma’naviy ekspertiza shu kabi materiallar berilishining oldini olish, ularning sofligi va milliy axloqimizga mosligini tahlil qilib borishni maqsad qilgan, deydi mualliflar. 

Inson huquqlari faoli, “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov fikricha, qilinishi kerak bo‘lgan ishlar va yechimini kutayotgan muammolar busiz ham talaygina. Mustaqillikdan keyin uzoq yillar olib borilgan “milliy g‘oya” kampaniyabozligidan bugun aniq biror natijani ko‘rsatish mushkul. Milliy qadriyatlar, milliy o‘zlikka bog‘langan har qanday tashabbuslar avvalo qonunlarga mos kelishi lozim. Ekspertizani joriy qilish uchun aniq tahlil va hisobotlar kerak bo‘ladi, media mahsulotlar aholi ongiga jiddiy ta’sir o‘tkazib, buning oqibatlari og‘ir bo‘layotganini isbotlovchi dalillar bormikanki, media mahsulotlari ekspertizadan o‘tkazishi kerak, deydi Tashanov. 

“Birinchi nizom tasdiqlangani aytildi, jamoatchilikning keskin qarshiligiga uchragach, tashabbuskorlarning chekinganiga guvoh bo‘ldik. Agar biz huquqiy-demokratik davlat  bo‘lsak, birinchi navbatda qonunlarga murojaat qilish kerak va bu qanchalik qonunlarga to‘g‘ri keladi? Radikallashuv bo‘yicha diniy ekspertiza kerakdir, lekin ma’naviy ekspertiza nima? Ertaga kimdir maishiy ekspertiza talabi bilan chiqsa-chi? So‘z erkinligiga daxl qiluvchi har qanday qadamlarni qoralaymiz”, - Abdurahmon Tashanov.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti faylasufi Shahlo Ahrorova fikricha, bu birdam qilingan ish emas. Globallashuv mafkuralar urushini keltirib chiqardi, odamlar ongini qurollar bilan emas, g‘oyalar bilan egallash osonroq, deydi u.

“Globallashuv asrida milliy qadriyatlar yedirilmoqda. Shu xususida biz ish olib bormasak, bizning davlatimiz qadriyatlarini chetdan kelib birov asrab bermaydi-ku. Har bir millat axloq  pardasi bo‘ladi, uni chetdan tirnab ketishsa, siz qo‘yib bermaysiz-ku. Milliy ekspertizani rad etganlar bo‘ldi, lekin qo‘llaganlar soni anchagina. Biz birdaniga hamma material yoki mahsulotlarni yomonlamayapmiz, butun media makonni qamrab ham ololmaymiz. Ota-onalar oldimizga savol qo‘yyapti, bog‘chalarda kattalar munosabatlarini bolalarga qo‘yib berishmoqda. Uzoq muhokamalardan keyin bunga qo‘l urdik”, - Shahlo Ahrorova.

Mualliflarga ko‘ra, bu borada orqaga chekinish yo‘q, ekspertizani takomiliga yetkazish davom etadi. Biroq masalaning nozik tomoni bu – qanday ishlashi va qaysi talablar asosida tahlillarning olib borilishi. Ekspertlar guruhi ham odamlardan tashkil topgan hamda butun media makonni nazoratga olish, materiallarni bittalab ko‘rib chiqish – imkonsiz. Tashanovning qo‘shimcha qilishicha, ekspertizaning funksiyasi nimalardan iborat bo‘lishi, xulosaning huquqiy omillari muhim. Agarda ekspertlar guruhi faqat tavsiya bilan cheklansa, bunga hech qanday qarshilik yo‘q. Lekin faqat tavsiya bo‘lsa, ekspertiza guruhining o‘rni ham qolmaydi.

“Bizning ishimiz taklif va tavsiyaviy xarakterga ega. Demokratiya bu – xohlagan ishni qilish degani emas, madaniy demokratiyaga erishishimiz kerak. Bunda o‘zi xos milliy xususiyatlarimizni saqlab qolishimiz joiz bo‘ladi. Demokratiya deb, butunlay o‘zligimizdan voz kecha olmaymiz. Sobiq Sovet ittifoqi yagona mafkura, deya parokanda bo‘ldi. Demokratiyani ham shunday qabul qilmasligimiz kerak”, - Shahlo Ahrorova. 

Tashabbuschilar so‘zlariga ko‘ra, ekspertiza cheklovchi xarakterda ishlamaydi, lekin asosiy ma’no baribir ijod erkinligiga daxl qiladi. “Milliy tiklanish” DP bo‘lim boshlig‘i Ibrohimjon Jo‘raboyevning aytishicha, bu senzuraga sabab bo‘lmaydi. Tashabbusning aynan markazdan chiqishini ham norma sifatida qabul qilish lozim.

“Baxtimizga biz Afrikaning cho‘lida yashamaymiz. Markaz kuchishlatar tuzilma emas, yuridik kuchi ham yo‘q. Asossiz qoralash va senzura qilishdan ekspertiza guruhi ham manfaatdor emas. Dunyoda shaxslarni fikrlar va g‘oyalar boshqaradi. Bir g‘oya ketsa, uning o‘rniga boshqasi keladi. O‘zbekiston xalqida esa millat tarixidan kelib chiquvchi dunyoqarash bo‘lgani foydaliroq. Aks holda uning o‘rniga Amerika, Rossiya g‘oyalari kirib keladi”, - Ibrohimjon Jo‘raboyev.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bayonotida kelishicha, O‘zbekiston hududida namoyish etilayotgan media mahsulotlar davlat siyosati, razmlari, umumiy qadriyatlarga, insoniy fazilatlarga tahdid solmasligi kerak va ekspertizada shu tomoni o‘rganiladi. Inson huquqlari faoli Tashanovning qayd etishicha, guruh shunchaki tavsiyaviy xarakterda ishlasa-da, davlat hamda hukumatning jiddiy tashkilotlari bunga bosh-qosh. Ikkinchidan, faqat tavsiya bilan kifoyalanish – qilingan ishning bekor ketishiga ham olib kelishi mumkin. Markaz vakili Ahrorova bu qarashlarni ham rad etdi. Uning javob berishicha, bunday tipdagi media materiallarning yaratilish sababi o‘rganiladi. 

Shohrux Majidzoda suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: