Roberto Manchini: «Lyayichning oyog‘i zo‘r, lekin kallasi oyog‘i kabi emas»

Sport 11:14 / 07.03.2016 2373

«Inter» jamoasi bosh murabbiyi Roberto Manchini A seriyaning 28-turida «Palermo»ga qarshi kechgan g‘alabali uchrashuv (3:1) haqida fikr bildirib o‘tdi.

«Biz 3:0 hisobida tanaffusga chiqishimiz kerak edi. Ammo oddiy xatolarga yo‘l qo‘ydik va raqibga o‘yinga qaytish imkonini berdik. Shunday ekan, o‘z ustimizda ishlashni davom etishimiz kerak.

Umid qilamanki, shu ruhda davom etamiz va o‘yin sifatini yaxshilab boramiz. Oxirgi o‘yinlarimiz shuni ko‘rsatmoqda. Bugungi o‘yinni juda yaxshi boshladik va 2ta tezkor gol urdik. Undan tashqari ham xavfli vaziyatlar yaratdik», deydi Manchini.

Jurnalistlar undan o‘yinda hisobni ochgan Lyayich 11 o‘yindan beri endigina gol urganiga izoh so‘rashgan.

«Menga Lyayichning o‘yinlari yoqadi. Uning o‘zi buni biladi. Lekin Adam ba'zida kerakli darajada mashg‘ulotlar o‘tkazmaydi. Unda ajoyib oyoqlar bor, lekin boshi oyoqlari kabi ishlamaydi. Ba'zida u maydon bo‘ylab shunchaki sayr qilib yuradi yoki ba'zi haftalarda deyarli mashg‘ulot o‘tkazmaydi.

Lyayich o‘yinni bir o‘zi hal qila oladigan futbolchi bo‘lishi mumkin. U bugun shunday ishni amalga oshirdi. Unda iste'dod bor.

Mavsum avvalida biz kutilganidan yuqori darajadagi o‘yinlarni namoyish etdik. Lekin biz turnir jadvalining eng yuqori qismida qola olmadik, chunki zaxiramiz kuchli emas. Maqsadimiz mavsum yakunida uchinchi o‘rinni egallash», deydi Manchini Mediaset Premium efiri orqali.

Ko‘proq yangiliklar: