O‘zbekistondagi farmatsevtik mahsulotlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan korxonalar 2016 yilda ish hajmini oshirib, 14,5 mln dollarlik mahsulot eksport qilishni rejalashtirishgan. Bu haqda "O‘zfarmsanoat"dagi manbasiga asoslangan holda Sputnik agentligi xabar tarqatgan.
2015 yilda soha eksporti hajmi 11,2 mln dollarni tashkil qildi. Eksport hajmini yangi dori turlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish evaziga oshirilishi rejalashtirilgan. Dorilarning asosiy qismi mahalliy o‘simliklar asosida ishlab chiqarilmoqda.
“Biz hozir ishlab chiqarayotgan dorilar ro‘yxatida 230 xil inʼeksiya suyuqliklari, 45 turdagi infuziya suyuqliklari, 75 xil antibiotiklar, 3 turdagi vaksina va zardoblar, 528 xil tabletka va kapsulalar, 307 xil maz va boshqa dorilar bor”, — deydi konsern vakili.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda 7,7 ming dori ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Ulardan 1,7 mingi O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan va qolgan 6 mingi chet elda ishlab chiqariladigan dorilardir.
2016 yilda O‘zbekistonda farmakologiya sohasida umumiy qiymati 120 mln dollar bo‘lgan 19ta yangi loyiha ishga tushadi. Xalqaro sifat sertifikatlari bosqichma-bosqich olinishi rejalashtirilgan.
Yangi dorilar ishlab chiqarishning zaruriy asoslaridan biri zamonaviy GMP xalqari sifat sertifikatlari kiritish hisoblanadi. Buning evaziga o‘zbek farmokologiya mahsulotlariga dunyo bozorlariga osongina yo‘l ochiladi. Hozirgi kunda O‘zbekistonda GMP standartida ishlovchi 30 korxona ro‘yxatdan o‘tgan.
Bugungi kunda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan farmatsevtika mahsulotlarini MDH mamlakatlarida, Estoniya, Latviya, Litva, Polsha, Germaniya, Janubiy Koreya, Xitoy va Hindiston bozorlarida uchratish mumkin.