Yuk mashinasi kabinasida yolg‘iz qoldirilgan it yo‘l-transport hodisasi sababchisi bo‘ldi

Jahon 08:34 / 06.03.2016 4739

AQShning Minnesota shtatida noodatiy yo‘l-transport hodisasi yuz berdi: Mankeyto shahridagi yoqilg‘i quyish shoxobchasi yaqinida haydovchisi bo‘lmagan yuk mashinasi boshqa bir avtomobil va daraxt bilan to‘qnashib ketdi, deb xabar bermoqda KMSP nashri.

Voqea guvohining aytishicha, YTH sodir bo‘lganda yuk mashinasi oynasidan faqatgina labrador-retriver zotidagi it boshini chiqarib turgan, biroq kabinada birorta odam ham ko‘rinmagan.

Voqea joyiga yetib kelgan politsiya yuk mashinasi haydovchisi do‘konga kirib ketganda kabinada qolgan it qandaydir yo‘sinda motori o‘chirilmagan mashinaning uzatmalar qutisi dastagini ishchi holatga keltirganini aniqlagan. Shundan keyin mashina AYoQSh tomon yurib ketib, yo‘lida uchragan yengil avtomobil va darxt bilan to‘qnashgani tufayligina yoqilg‘i quyish kolonkasidan bir necha metr uzoqroqda to‘xtagan.

Aytilishicha, it bu holatdan keyin bamaylixotir, quvnoq kayfiyatda bo‘lgan.

YTH oqibatida hech kim jabrlanmagan, politsiyachilar voqea tafsilotlarini aniqlashtirmoqdalar. Shahar politsiyasi vakilining aytishicha, u o‘z faoliyati davomida bunday holatga birinchi marta duch kelmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: