"Katta dada" laqabli avstraliyalik bokschi Lukas Braun 5 martda Grozniy shahridagi "Kolizey" sport majmuasida bo‘lib o‘tgan WBA versiyasi bo‘yicha o‘ta og‘ir vaznda chempionlik unvoni uchun o‘tkazilgan jangda Ruslan Chagayevni muddatdan avval mag‘lub qildi.
"Oq Tayson" deb e'tirof etiladigan asli o‘zbekistonlik jangchi Chagayev jangni yaxshiroq boshladi va 4-raunddayoq Braunning qoshi yorilishiga olib keldi. Braun tashabbusni o‘z qo‘liga olmoqchi bo‘ldi hamda muvaffaqiyatli o‘tkazilgan hujumga javob hujumni o‘tkazib yuboraverdi.
6-raundda Braun hattoki Chagayevning kuchli zarbasidan keyin nokdaun holatiga ham tushdi. Biroq tan berish kerakki, avstraliyalik tezda o‘zini o‘nglab olib, 7-raundni o‘z foydasiga o‘tkazdi.
Uchrashuv Chagayevning g‘alabasi bilan yakunlanadigandek tuyulayotgan bir pallada jangdagi kutilmagan burilish 10-raundda o‘rtasida yuz berdi. Hujum qilayotgan Chagayev bir onga himoyani unutib, Lukasning kuchli zarbasini o‘tkazib yubordi. Chagayev nokdaun holatiga tushdi va o‘ziga kelishga ulgura olmadi. Keyingi 20 soniya davomida Braun Chagayevga ketma-ket zarbalar bera boshladi va jang referisi jangni to‘xtatishga qaror qildi hamda avstraliyalikka texnik nokaut bilan g‘alabani berdi.
Bu mag‘lubiyat Chagayev uchun uning faoliyatidagi 3-mag‘lubiyat bo‘ldi, hozirda Chagayevning hisobida 34 ta g‘alaba va bitta durang natija bor. Braun esa professional ringda o‘tkazgan barcha 24 jangida g‘olib bo‘lishga muvaffaq bo‘ldi.
Chagayev uchrashuvning vaqtidan avval to‘xtatilganidan norozilik bildirdi.
"Uzr so‘rayman, shunday bo‘lib qoldi. Bilmayman, hakam nega jangni to‘xtatdi. Uning zarbasi tasodifan chiqqandi, men jangni davom ettirishga tayyor edim. Biroq hakam jangni to‘xtatishga qaror qildi", deb aytdi Chagayev jangdan keyin.