"Barselona"ning braziliyalik futbolchisi Neymar Ispaniya chempionatidagi sariq kartochkalari yig‘ilib qolgani tufayli belgilangan diskvalifikatsiyadan o‘z singlisi Rafaela Bekramning tug‘ilgan kunida ishtirok etish uchun foydalandi. Bu haqda Braziliyadagi Globoesporte portali xabar tarqatgan.
Neymar diskvalifikatsiya tufayli La liganing avvalgi turida "Rayo Valekano"ga qarshi kechgan bahsning 87 daqiqasida sariq kartochka olgandi va bugun bo‘lib o‘tadigan "Eybar"ga qarshi o‘yinda ishtirok etmasligi aniq bo‘lgandi. Hujumchi yuzaga kelgan tanaffus vaqtida singlisining tug‘ilgan kunida ishtirok etish uchun Braziliyaga uchib ketgan.
Futbolchi bundan avval ham shunday harakatni amalga oshirgandi. U o‘tgan yili ham 8 mart kuni "Rayo Valekano"ga qarshi bo‘ladigan bahs oldidan sariq kartochkalari sonini orttirib olgandi va bu kunlarda Braziliyaga ketgandi.
"Barselona"ning keyingi o‘yini 12 mart kuni "Xetafe"ga qarshi kechadi va bu o‘yinda u maydonga tushishi mumkin bo‘ladi.