Futbol uyushmalari xalqaro kengashi (IFAB) futbol uchrashuvining qo‘shimcha bo‘limlarida 4-o‘yinchini zaxira o‘yinchi bilan almashtirish qoidasini sinovdan o‘tkazishga rozilik berdi, deb xabar berilmoqda FIFA rasmiy saytida.
Bundan tashqari, kengash yaqin ikki yil ichida "uch karra jazolash" qoidasini o‘zgartirishni rejalashtirmoqda. Eslatib o‘tamiz, ayni vaqtda ushbu qoidaga ko‘ra, raqib o‘yinchiga qulay pozitsiyadan gol urishga xalaqit qilish maqsadida qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan o‘yinchi 11 metrlik jarima, maydondan chetlatish va diskvalifikatsiya bilan jazolanadi.
"Agar darvozabon yoki himoyachi o‘z jarima maydonida qoidani oddiy kurashda buzgan bo‘lsa, endi hakam o‘yinchiga qizil emas, faqatgina sariq kartochka ko‘rsatadi. Biroq keskin qoidabuzarlik yoki ochiqchasiga qo‘pollik avvalgidek qizil kartochka bilan jazolanadi. Bu o‘zgarishlar joriy yilning 1 iyunidan kuchga kiradi hamda Yevro-2016 va Amerika kubogida joriy qilinadi", deb aytdi FIFAning yangi prezidenti Janni Infantino.
Avvalroq IFAB futbolda videotakrorlar tizimini sinovdan o‘tkazishni ma'qullagani ma'lum qilingandi. Unga ko‘ra bahsli vaziyatlar xokkeydagi kabi videoni qayta ko‘rish orqali hal qilinadi.