"Chelsi" bosh murabbiyi Gus Xiddink yangi klubda ketma-ket mag‘lubiyatsiz davom etayotgan o‘yinlar soni bo‘yicha Angliya Premer-ligasi rekordini o‘rnatdi, deb xabar bermoqda The Sun nashri.
Gollandiyalik mutaxassis liga tarixida yangi jamoa boshqaruvini qo‘lga olgandan keyin 12 ta o‘yinni mag‘lubiyatsiz o‘tkazishga muvaffaq bo‘lgan birinchi murabbiy bo‘ldi. Xiddink "Chelsi"ga 2015 yil 20 dekabrida murabbiylik qila boshladi, o‘shandan keyin "Chelsi" uning boshchiligida milliy chempionatda 12 ta o‘yin o‘tkazdi va biror marta mag‘lubiyatga uchramadi. Londonliklar shu 12 ta o‘yindan 5 tasida g‘alaba qozonishdi va 7 tasida durang natijaga erishishdi.
Bu boradagi avvalgi rekord "Nottingem Forest" jamoasining bosh murabbiyi Frenk Klarkga tegishli bo‘lgan. Klark bu natijaga 1993-94 yillardagi mavsumda erishgandi.