O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 2016 yil 1 mart kuni Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Qaror matni O‘zA tomonidan e'lon qilingan.
Mamlakatimizda mo‘tabar ayol zotiga munosib hurmat-ehtirom ko‘rsatish, ularning jamiyatimizdagi o‘rni va nufuzini oshirish, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, o‘zining iqtidori va ibratli faoliyati bilan yoshlarga o‘rnak bo‘lib kelayotgan qizlarni rag‘batlantirish maqsadida hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1999 yil 10 iyundagi «Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini ta'sis etish bo‘yicha takliflarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida»gi farmoniga asosan:
1. O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi huzuridagi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti komissiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining iqtidorli qizlarini a'lo xulqi, noyob iste'dodi, zukkoligi, tashabbuskorligi, o‘qishdagi muvaffaqiyatlari hamda adabiyot, madaniyat, san'at, ta'lim va sport sohalaridagi alohida yutuqlari uchun Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risidagi takliflari ilovadagi ro‘yxatga muvofiq ma'qullansin.
2. Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlanganlarga 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar bayramiga bag‘ishlab o‘tkaziladigan tantanalarda sovrindorlik diplomlari va ko‘krak nishonlari topshirilsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlarining har biriga eng kam oylik ish haqining 50 baravari miqdorida pul mukofoti berilishini ta'minlasin.
4. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamda O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibalarining ibratli faoliyati, ularning noyob iste'dodi va erishgan yutuqlarini keng yoritib borish tavsiya etilsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari E.Bositxonova zimmasiga yuklansin.
Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlanganlar ro‘yxati
Bayjigitova Aziza Alliyar qizi – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi 22-ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta ta'lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi
Foziljonova Sevaraxon Baxodirjon qizi – Andijon san'at kollejining 3-bosqich o‘quvchisi
Aliyeva Gulnoza Akramovna – Buxoro muhandislik-texnologiya instituti qoshidagi 1-akademik litseyning 3-bosqich o‘quvchisi
Raimqulova Mohigul Dadajon qizi – Jizzax davlat pedagogika instituti qoshidagi 2-akademik litseyning 3-bosqich o‘quvchisi
Nizamova Mohidil Maxmud qizi – Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ oziq-ovqat sanoati va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejining 1-bosqich o‘quvchisi
Xolbutayeva Dilfuza Sharofiddinovna – Navoiy olimpiya zaxiralari kollejining 3-bosqich o‘quvchisi
Voqqosova Gulira'no Davronboy qizi – Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on ijtimoiy-iqtisodiyot va sport kollejining 3-bosqich o‘quvchisi
Keldiyorova Diyora Baxtiyor qizi – Samarqand viloyati Pastdarg‘om politexnika kasb-hunar kollejining 3-bosqich o‘quvchisi
G‘oziyeva Nodira Rustam qizi – Guliston davlat universiteti qoshidagi 1-akademik litseyning 2-bosqich o‘quvchisi
Shoyimova Komila O‘rol qizi – Termiz davlat universiteti qoshidagi 2-akademik litseyning 2-bosqich o‘quvchisi
Raimqulova Zulhayo Xikmatilla qizi – O‘zbekiston davlat konservatoriyasining 1-bosqich talabasi (Toshkent viloyati)
Mamajonova Zulfiyaxon Mirkomil qizi – Farg‘ona viloyati Quva pedagogika va iqtisodiyot kollejining 3-bosqich o‘quvchisi
Ismailova Ozoda Anvarovna – Urganch davlat universiteti qoshidagi 2-akademik litseyning 1-bosqich o‘quvchisi
Botirova Aziza Xamidovna – V.Uspenskiy nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyining 1-bosqich o‘quvchisi