Vetnamda ikki turli erkakdan egizak farzand ko‘rish holati qayd etildi, deb xabar bermoqda Tuoi Tre News portali. Bunday hodisa juda kam uchraydi.
Xanoydagi irsiy tahlil va texnologiyalar markazi direktori Nguyen Txi Nganing aytishicha, 2016 yil fevral boshida unga yangi tug‘ilgan egizaklarning biologik otasiligini tekshirishni istagan erkak murojaat qilgan. Erkakning yaqinlari egizaklardan biri otasi va egiziga umuman o‘xshamasligini aytishgan. Irsiy tahlil egizaklarning onasi bir ayol ekanligini, biroq uning turmush o‘rtog‘i faqatgina egizaklardan birining otasi ekanligini tasdiqlagan.
Fanda geteropaternal superfekundatsiya deb ataluvchi bu hodisa bir necha omillarning bir vaqtda yuz berishidagina sodir bo‘lishi mumkin. Bunday holatlarning yuz berishi juda kam uchraydi. Nguyenning aytishicha, u o‘z amaliyotida bunday hodisaga bir marta duch kelgan, dunyoda esa bor-yo‘g‘i 10 ta bunday holat qayd qilingan.