Qurollangan to‘rt kishidan iborat jinoiy guruh Argentinadagi uncha katta bo‘lmagan butun bir shaharni o‘marib ketdi, deb xabar bermoqda El Heraldo.
Nashr bergan axborotga ko‘ra, jinoyatchilar shaharning meriyasi, banki, pochtasi, sudi va hatto politsiya mahkamasida o‘g‘irlik sodir etgan. Voqea mamlakatning Santa-Fe provinsiyasidagi Bernardo-de-Irigoyen shahrida sodir bo‘lgan. Shuni alohida keltirib o‘tish lozimki, shaharda bor yo‘g‘i 1,8 ming kishi istiqomat qiladi.
Boshida qaroqchilar politsiya mahkamasiga kirib, u yerda “qurollanishadi”. So‘ngra pul saqlanadigan boshqa yerlarga birma bir “tashrif buyurishadi”. Ular sudga kelib, sudyani ham o‘marishadi. Jinoyatchilar qo‘lga kiritgan umumiy summa 250 ming pesoni (taxminan 16 ming dollar) tashkil etadi.
Ular 1 mln peso (65 ming dollar) qiymatida pensiya pullari ortilgan mashinani ham kutishadi, ammo aynan o‘sha damda mashina kelmaydi.
Voqea so‘ngida jinoyatchilar va politsiya o‘rtasida “quvlashmachoq” boshlanadi. Ulardan biri otib o‘ldirilgan, qolgan uch jinoyatchi esa pullar bilan yashirinishga muvaffaq bo‘lgan.