O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 8 mart – Xalqaro xotin qizlar kuni munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigida jamiyatdagi xotin-qizlarning roli, mamlakat taraqqiyotida tutgan o‘rni va ularning qo‘shayotgan hissasini alohida ta'kidladi.
“Men joylarda bo‘lib, mana shunday o‘zining qadr-qimmatini, hayotning pastu balandini yaxshi biladigan, kelajakka katta ishonch bilan qarab, sidqidildan mehnat qilayotgan opa-singillarimiz bilan uchrashib, suhbat qurganda, ochig‘ini aytishim kerak, o‘zim uchun katta taassurot, ma'naviy-ruhiy quvvat olaman”, deydi mamlakat rahbari.
Ayniqsa, mamlakat rahbari ayollarning kichik biznes sohasidagi faolliklarini alohida e'tirof etgan: “Hozirgi vaqtda mamlakatimizdagi kichik biznes sub'yektlarining 120 mingdan ziyodini, fermer xo‘jaliklarining 4 ming 550 dan ortig‘ini xotin-qizlar samarali boshqarib, barchaga o‘rnak va namuna bo‘lib kelmoqda”.
Shuningdek, tabrikda tabrirkor ayollarga 2015 yilda 1 trillion 255 milliard so‘mni imtiyozli kreditlar ajratilgani, kasb-hunar kollejlarini bitirgan 230 mingdan ko‘proq qiz bolalar ishga joylashtirilgani, tadbirkorlik sohasida o‘z ishini boshlayotgan 6 mingdan ortiq yosh qizlarga 51 milliard so‘mdan ziyod kreditlar ajratilgani haqida ma'lumotlar keltirilgan.
2016 yilgi “Sog‘lom ona va bola yili” haqida gapirar ekan, “Mamlakatimizda 2016 yilning Sog‘lom ona va bola yili deb e'lon qilinishi avvalo ana shunday ezgu maqsadga xizmat qiladi. Ushbu dastur doirasida jami 7 trillion 483 milliard 300 million so‘m va 194 million 400 ming dollar hajmidagi ishlarni amalga oshirish belgilanganining o‘zi, o‘ylaymanki, uning miqyosi va ko‘lami qanday ulkan ekanidan dalolat beradi”, deya ta'kidlagan Prezident Islom Karimov.