Eron aksilnarkotik politsiyasi oxirgi 12 oy ichida 525 tonna giyohvand modda musodara qildi. Bu raqamlarni 4 martda Eron xavfsizlik xizmatining ixtisoslashtirilgan bo‘linmasi boshlig‘i, general Ali Mo‘yyediy matbuot-anjumanida keltirib o‘tdi.
"Joriy eron yilida (21 martda yakunlanadi) butun mamlakat bo‘ylab 525 tonna, ya'ni o‘tgan yilga nisbatan 14 foiz ko‘proq giyohvand modda musodara qilingan", deb Mo‘yyediyning so‘zlarini keltirmoqda Tasnim agentligi.
Musodara qilingan giyohvand moddalardan 400 tonnasini opium, 75 tonnasini gashish, qolganini esa geroin va morfin tashkil qilgan. Shu bilan birga Eron hududi orqali giyohvand modda olib o‘tgan bir necha jinoiy to‘da bartaraf qilingan, operatsiyalar davomida 61 giyohvandfurush o‘ldirilgan.
Mo‘yyediyning aytishicha, operatsiyalar asosan Eronning sharqiy chegaralarida o‘tkazilgan. "Aniqlanishicha, Afg‘oniston va Pokiston bilan chegaradosh bo‘lgan Siston va Belujiston viloyatlari orqali narkotrafik bir yil ichida 100 foizga oshgan", deb qo‘shimcha qildi general.