Bugungi kunda sportning futbol turiga qiziqish O‘zbekistonning turli shahar va qishloqlarida tobora ommalashib bormoqda. Bunga misol qilib Kuymazor qishlog‘ida bo‘lib o‘tgan futbol chempionatini keltirishimiz mumkin. Kuymazor qishlog‘i Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida joylashgan bo‘lib unda atigi 3800 nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi.
Shu qishloq yoshlarini sportga jalb qilish, bolalar va o‘smirlar orasida futbolni keng targ‘ib qilish maqsadida barcha yillarda tug‘ilgan yoshlardan iborat «Kuymazor kubogi» tashkil etildi va e'lon qilindi. Bir hafta ichida tashkilotchilarga naqd 20 ta jamoa buyurtma topshirishdi. Har bir jamoa tarkibida 16-20 nafardan ishtirokchilar ro‘yxatga olingani alohida e'tiborga sazovor.
3-o‘rin uchun kechgan bahsda 1991 yilda tug‘ilganlar 1997 jamoasini 1:0 hisobida mag‘lub etishgan bo‘lsa finalda 1996 yillarda tug‘ilgan yoshlardan iborat jamoa o‘zlaridan 10 yosh kattalar 1986 yillarga 3:1 hisobida mag‘lub bo‘lishdi.
— «Bunday sport musobaqalari yoshlarni faqatgina jasurlik, halollik, qolaversa, sportga mehr qo‘yishiga sabab bo‘ladi», — deydi, Kuymazor mahalla fuqarolar yig‘ini maslahatchisi Homidova Rislig‘oy.
— «Qishlog‘imizda har yili bunday turnirlar tashkil qilamiz. Lekin mana shu yilda 20 ta jamoa qatnashgani odamni quvontiradi. Bu turnirga o‘z hissasini qo‘shgan homiylarga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz», — deydi Kuymazor mahalla posboni Kenjabek Toshpulatov.
Musobaqa g‘oliblari 1 million so‘m miqdordagi pul mukofoti bilan taqdirlanishdi.
Kuymazor futbol chempionati natijalari bilan tanishing:
1-o‘rin. 1986 yillar
2-o‘rin. 1996 yillar
3-o‘rin. 1991 yillar
4-o‘rin. 1997 yillar
Eng yaxshi futbolchi — Qahhorov Sherali (1986)
Eng yaxshi to‘purar — Eshmatov Elmurod (1991)
Eng yaxshi darvozabon — Shamsiddinov Zuhridin (1994)
Eng yosh tezkor futbolchi — Xolmirzayev Mirodil (2000-B)
Final o‘yinidan keyin taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Tadbirdan so‘ng esa konsert dasturi Kuymazor ahliga bahoriy kayfiyat taqdim etdi.
Musobaqa tashkilotchisi Ma'murjon Homidov.