5 mart kuni «Turkiston» saroyida Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirda turli sohalarda samarali mehnat qilayotgan xotin-qizlar, tabarruk onaxonlar, turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlarining vakillari, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari ishtirok etdi.
Tantanali yig‘ilishni Toshkent shahar hokimi R.Usmonov ochdi.
Prezidentimiz Islom Karimovning O‘zbekiston xotin-qizlariga bayram tabrigini Prezidentning Davlat maslahatchisi X.Sultonov o‘qib eshittirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Bositxonova O‘zbekistonda xotin-qizlarni e'zozlash, jamiyatdagi mavqeini yuksaltirish, huquq va manfaatlarini ta'minlash, salomatligini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning samaralari haqida so‘zladi.
Tadbirda Prezidentimiz Islom Karimov qaroriga muvofiq adabiyot, san'at, fan, ta'lim, madaniyat sohalarida erishgan alohida yutuqlari uchun Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan 14 nafar qizga ana shu yuksak mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.
Saroy foyesida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Badiiy akademiya, «Hunarmand» uyushmasi hamkorligida tasviriy san'at va milliy hunarmandlik yo‘nalishlarida iste'dodini namoyon etayotgan xotin-qizlar ijodiga bag‘ishlangan ko‘rgazma tashkil etildi.
Tadbir san'at ustalari va yosh ijrochilarning bayram konserti bilan yakunlandi.
Manba:O‘zA