Toshkent hokimiyati yo‘l xizmatiga shahar yo‘llarini soz holda saqlash vazifasini yukladi

Jamiyat 14:40 / 02.03.2016 7055

Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonov 26 fevral kungi qarori bilan poytaxt yo‘llaridan foydalanish tartibini tasdiqladi.

Hujjatda yo‘llar va tegishli infratuzilmalarni yaroqli va yaxshi holatda saqlash borasida yo‘l xizmatiga bo‘lgan talablar, yo‘ldan foydalanuvchilarning huquq va majburiyatlari belgilab qo‘yilgan.

Qarorda ko‘rsatilishicha, foydalanuvchilar istalgan yil faslida poytaxt yo‘llaridan xavfsiz va qulay sharoitlarda harakatlanish huquqiga ega. Bundan tashqari, foydalanuvchilar yo‘l sharoitlari haqida operativ ma'lumotlar olishlari, shuningdek, yo‘l nosozligi natijasida yetkazilgan zararni undirishlari mumkin.

Qarorga binoan, transportlar xavfsiz harakatlanishi uchun yo‘l xizmati yo‘llarni doimo yaroqli holatda saqlashi, qish faslida qisqa muddatlarda ularni qordan tozalashi va yo‘llarda muz hosil bo‘lishining oldini olish choralarini ko‘rishi lozim.
Yo‘l belgilari davlat standarti asosida o‘rnatilishi, yo‘lning xavfli qismlari zarur to‘siqlar va jihozlar bilan ta'minlanishi kerak.

Yo‘l nosozligi sabab sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalarini doimiy o‘rganib borish va IIBB YHXB bilan hamkorlikda zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifasi ham yo‘l xizmati zimmasiga yuklatildi.

Yo‘llarda ta'mirlash ishlari amalga oshirilayotganda ushbu uchastkalarning talab darajasida jihozlanishi, kechasi va kunduzi yaxshi ko‘rinadigan to‘siqlar, yo‘l belgilari va ko‘rsatkichlarning o‘rnatilishini ta'minlash, zarur hollarda aylanib o‘tuvchi yo‘llarni tashkil etish va ushbu ta'mirlash ishlarini olib borayotgan tashkilot aloqa manzillari ko‘rsatilishi zarur. Ta'mirlash ishlarini olib borayotgan ishchilar iloji boricha yo‘l harakatiga xalal bermasliklari lozim.

Foydalanuvchilarga, xususan, yo‘lni kirlantirishi mumkin bo‘lgan yuklarni tashish chog‘ida ham, yo‘lga ziyon yetkazish va ifloslantirish man etiladi. Qurilish chiqindilari, qum va tuproq faqat maxsus jihozlangan mashinalarda namlangan holatda olib o‘tilishi kerak.

Hujjatda, shuningdek, yo‘l yoqasida joylashgan bozor, savdo va xizmat ko‘rsatish obektlari atrofida avto turar joylarni tashkil etish shartligi haqida ham belgilab o‘tilgan.

Ko‘proq yangiliklar: