Xonanda Shuhrat Qayumov betob, biroq...

Jamiyat 12:06 / 28.02.2016 18459

Xushovoz xonanda, tajribali suxandon, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Shuhrat Qayumovning sog‘ligi bilan bog‘liq muammolar sabab, shifoxonaga yotqizilgani haqida xabarlar tarqadi. Biz ijodkordan hol-ahvol so‘rash va xabarlarga oydinlik kiritish maqsadida u bilan bog‘landik. Xonandaning “Allo, assalomu alaykum”, deyishi qattiq shamollagani sezildi.

-Turli nashrlarda Shuhrat Qayumov shifoxonaga yotqizildi, degan xabarlar tarqadi. Shunga hol so‘ray deb, qo‘ng‘iroq qilayotgandik.

-Rahmat. To‘g‘risi, xizmatlar, turli tadbirlar bilan bo‘lib, 3 marotaba shamollashni oyoqda o‘tkazib yuborgandim. Davolanishga vaqtimni qizg‘andim. Ammo kasallik asoratsiz bo‘lmas ekan. Baribir, ular yig‘ilib, o‘z kuchini ko‘rsatdi. Shu bois, shifokorga murojaat qildim. Hozir profilaktik davolanish kurslarini olayapman. Lekin shunday bo‘lsa-da, repetitsiyani davom ettirayapman.

-Sog‘liqni o‘ylab, biror hafta dam olsangiz bo‘lardi. Shu payt fonogrammaning qadri o‘tayotgandir?

-Ha, nimasini aytasiz. Do‘stlarim, hamkasblarim ham shunaqa deyishdi. Biroq, muxlislar konsertni kutishayapti. Ularning ishonchini oqlash men uchun juda muhim. Salomatlikni tiklab olish uchun belgilangan tartibda davolanayapman. Yaratgandan kuch-quvvat, muxlislarimdan duo so‘rayman. Bu yilgi konsert har yilgidan yaxshi o‘tishiga umid qilayapmiz va shunga astoydil tayyorlanayapmiz.

-Shuhrat aka, biz ham sizga sixat-salomatlik va kuch-quvvat tilaymiz! Sog‘ayib keting!

Eslatib o‘tamiz, Shuhrat Qayumovning “Istiqlol” san'at saroyidagi jonli ijrodagi konserti 22-23 mart kunlariga belgilangan.

Ko‘proq yangiliklar: