Vorkutadagi "Severnaya" shaxtasida yangi portlash sodir bo‘ldi, unda qutqaruvchilar halok bo‘ldi. Bu haqda 28 fevralda tezkor shtabdagi manbaga iqtibos keltirgan holda TASS axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, portlash Moskva vaqti bilan soat 03:35 da sodir bo‘lgan. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, 6 kishi halok bo‘lgan: 5 nafar qutqaruvchi va bir nafar shaxta ishchisi. Yana 5 kishi jarohat olgan.
Ayni vaqtda shaxtaga qutqaruvchilarning qo‘shimcha guruhlari yuborilmoqda. Favqulodda vaziyat sababli yaqin orada Rossiya favqulodda vaziyatlar vaziri Vladimirom Puchkov boshchiligidagi tezkor shtab yig‘ilishi boshlanishi belgilangan.
27 fevralda favqulodda vaziyatlar vazirligi shaxtada avariyaviy qismda yong‘in to‘xtamayotgani sababli katta miqdorda metan gazi to‘plangani sababli qayta portlash yuz berishidan ogohlantirgandi.
Shu kunning o‘zida shaxtadagi ishlar uzoq vaqtga to‘xtatilgani e'lon qilingandi. Puchkov shaxtada qidiruv-qutqaruv ishlari va boshqa texnologik operatsiyalar yakunlanishi, uning hayotni ta'minlash tizimlari tiklanishi zarurligini aytgan.
25 fevralda shaxtaning bir qismida qazish ishlari olib borilayotgan joyda tog‘ zarbasi – tog‘ jinslari o‘pirilishi yuz bergan. O‘pirilish yuz berganda shaxtada 110 kishi bo‘lgan, ulardan 80 nafari yuzaga chiqarilgan. 8 kishi tibbiy yordam so‘ragan. 4 nafar shaxtyor halok bo‘lgan, yana 26 kishining taqdiri noma'lumligicha qolmoqda.