O‘zbekistonda hafta boshidan "Hech kim mehr va e'tibordan chetda qolmasin” shiori ostida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar boshlanadi

O‘zbekiston 10:29 / 28.02.2016 5031

2016 yil 9 fevralda Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi tasdiqlandi. Ushbu Davlat dasturi ijrosini ta'minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan shu yilning 29 fevralidan butun mamlakat bo‘ylab “Hech kim mehr va e'tibordan chetda qolmasin” shiori ostida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar boshlanadi.

An'anaga muvofiq, mazkur tadbir ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, ilmiy-tekshirish institutlari, tibbiyot yo‘nalishidagi oliy ta'lim muassasalarining yetakchi olimu shifokorlari ishtirokida o‘tkaziladi. Ushbu yirik ijtimoiy tadbirni tashkil etishdan maqsad aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish bilan birga, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, yoshlarda sog‘lom oila qurishga intilish hissini kuchaytirish, turli xastaliklarning oldini olish bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib borishdir.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan ijtimoiy aksiya ham bu boradagi ezgu ishlarning amaldagi ifodasi, deyish mumkin.

Butun mamlakatimiz bo‘ylab bo‘lib o‘tadigan navbatdagi ijtimoiy aksiyada respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, ilmiy-tekshirish institutlari va tibbiyot oliy ta'lim muassasalarining 300 nafarga yaqin yetakchi olimlari hamda yuksak malakali shifokorlari ishtirok etishadi. Ular yurtimizning barcha hududlarida bo‘lib, aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadilar.

Aktsiya doirasida yurtimizning eng olis hududlaridagi aholi qatlamlari ham qamrab olinadi. Bu galgi tadbir ham ikki bosqichda tashkil etiladi. Dastlab viloyatning o‘zida faoliyat ko‘rsatayotgan malakali mutaxassislar hudud aholisini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadilar. Ikkinchi bosqichda esa respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, ilmiy-tekshirish institutlari va tibbiyot oliy ta'lim muassasalaridagi eng tajribali mutaxassislar ishtirokida yuqori darajadagi konsiliumiga ehtiyoji aniqlanib, oldindan ro‘yxati tuzilgan fuqarolar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Bugun barcha viloyatlardagi sog‘liqni saqlash muassasalari, chekka tumanlar shifoxonalari zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlanganligi bois tibbiy ko‘riklarni samarali o‘tkazishga muvaffaq bo‘linmoqda.

Qishloqlar aholisi, dispanser hisobida turuvchi bemorlar, nogironlar, yoshlar va xotin-qizlarga zarur yordam va tavsiyalar berilmoqda. Bu esa o‘z navbatida, odamlarning uzoqqa qatnab ovora bo‘lmasligi, mushkuli osonlashishi, dardi yengillashuvida muhim ahamiyat kasb etadi. Salomatlik haftaligi sharofati bilan ko‘pchilikning uzog‘i yaqin bo‘lmoqda. Tabiiyki, mamlakatimiz poytaxtidan yuqori malakali mutaxassislarning eng chekka hududlarga borib, aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazayotgani va yaratib berilayotgan qulayliklar uchun barcha birdek mamnun bo‘lyapti.

Tibbiy tekshiruvlar zamonaviy diagnostika asbob-uskunalari, jumladan, flyuro-mobillar, UTT va EKG apparatlari vositasida o‘tkaziladi. Tadbir davomida pensionerlar, jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolar, yolg‘iz keksalar, bolalar, fertil yoshidagi ayollar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Ko‘rik paytida xastaliklar aniqlangudek bo‘lsa, har bir bemor uchun maxsus davolash va reabilitatsiya rejalari belgilanadi. Jumladan, aholining ambulator sharoitda, tuman, viloyat shifoxonalari hamda respublika davolash-profilaktika muassasalarida davolanishi nazoratga olinadi.

Bu galgi ijtimoiy aksiya qamrovi yanada kengayganligini aytish joiz. Aktsiyada xirurg, akusher-ginekolog, terapevt, pediatr, nevropatolog, kardiolog, endokrinolog, oftalmolog, otorinolaringolog, urolog, ortoped-travmatolog, stomatolog, dermato-venerolog kabi o‘nlab mutaxassislar turli yoshdagi aholini malakali tibbiy tekshiruvdan o‘tkazishadi.

Eng muhimi, bu kabi ko‘riklar tufayli keng jamoatchilik orasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, profilaktik chora-tadbirlarni sifatli tashkil etish va aholi, ayniqsa, yoshlarning tibbiy madaniyatini yuksaltirishga erishilmoqda. Qolaversa, viloyat va tuman sog‘liqni saqlash boshqarmalarining xodimlari poytaxtdan tashrif buyurgan fan doktorlari, professor va dotsentlar bilan yonma-yon turib, tajriba orttirish, sohadagi eng so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘lish, umuman, mutaxassislar o‘zaro fikr almashish imkoniga ega bo‘ladilar.

O‘zbekiston Respublikasi
Sog‘liqni saqlash vazirligi
Axborot xizmati

Ko‘proq yangiliklar: