Fransiyaning Jamoatchilik salomatligini nazorat qilish instituti bosh direktori Fransua Burdiyon Fransiya hududida Zika virusining jinsiy yo‘l bilan yuqishining birinchi holati qayd qilinganini ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Associated Press axborot agentligi.
Burdiyon mahalliy OAVlarga bergan intervyusida homilador bo‘lmagan ayol virusni u bilan birga yashaydigan erkakdan yuqtirib olganini ma'lum qildi.
"Ayol mamlakatdan tashqariga chiqmagan, biroq u bilan yashaydigan erkak Braziliyadan bu virusni yuqtirib kelgan", deb aytdi Burdiyon. Burdiyonning aytishicha, hozir ikki bemor ham o‘zini yaxshi his qilmoqda.
Zika virusi asosan chivin chaqishi orqali yuqadi. Olimlar bu virus jinsiy yo‘l bilan juda kam hollarda yuqadi, deb hisoblaydilar.