Venesuelada elektr energiyani tejash maqsadida davlat xizmatchilari uchun qisqartirilgan ish kuni kiritilmoqda. Mamlakat prezidenti Nikolas Maduroning farmoniga ko‘ra, amaldorlar mahalliy vaqt bilan soat 7:30 dan 13:00 gacha, ya'ni odatdagidan 2,5 soatga kamroq ishlaydilar. Bunda ularga dam olish vaqti berilmaydi. Bu haqda RIA “Novosti” axborot agentligi xabar bermoqda.
Natijada hukumat davlat muassasalarida elektr energiya iste'molini 30 foizga qisqartirmoqchi. Biroq bu farmon bevosita aholi bilan ishlaydigan davlat muassasalari, banklar va sog‘liqni saqlash, telekommunikatsiya va "muhim ahamiyatga ega" sohalardagi tashkilotlarga, muassasalar rahbariyatiga taalluqli bo‘lmaydi.
Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, Venesueladagi 70 foiz elektr energiya GESlarda ishlab chiqariladi. Biroq GESlar oxirgi oylar davomida muntazam ravishda suv tanqisligiga uchramoqda.
Dunyodagi eng yirik neft ishlab chiqaruvchi davlatlardan hisoblangan Venesuela uglevodorodlar narxi tushib ketgani sababli og‘ir iqtisodiy inqirozni boshidan o‘tkazmoqda. Mamlakatda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari – qahva, shakar, yog‘, kundalik ehtiyojdagi va shaxsiy gigiyena mahsulotlari yetishmasligi kuzatilmoqda. Mamlakat hukumati oziq-ovqat sotishga cheklov kiritdi, narxlarning davlat tomonidan tartibga solinishini joriy qildi.