Toshkentda tanishini katta pulga chuv tushirgan soxta tadbirkor qo‘lga olindi

Jamiyat 18:19 / 27.02.2016 4545

Toshkent shahri Mirobod tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro eski tanishi bilan uchrashib, suhbatlashgan chog‘da, 70 000 AQSh dollari puli bor ekani haqida bilib oladi. Bu ma'lumot uning oromini o‘g‘irlaydi. Oradan ikki kun o‘tib, tanishiga qo‘ng‘iroq qiladi va bir yaxshi ish bo‘yicha maslahatlashish kerakligini aytadi.

Muloqot chog‘ida u ayni paytda qurilish kompaniyalar bilan hamkorlik qilishi, kollej va litseylar qurilishlarida ishtirok etishi haqida aytib, do‘stini ham bu ishga chorlaydi: “Qurilishga pul tiksangiz, oradan bir necha kun o‘tib, ikki barobar qaytarib olasiz”, deb avraydi. Ikki barobarlik tez daromad haqidagi “ertak”ka laqqa tushgan odam aslida yo‘q bo‘lgan biznesga pul tikadi. Boshqacharoq aytganda, firibgarning qo‘llariga o‘z pullarini osongina topshiradi.

Oradan haftayu oylar o‘tib, na daromad, na puldan darak bo‘lmagach, soxta tadbirkor tanishi ustidan shikoyat arizasi bilan huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qiladi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirobod tumani sudi ayblanuvchini 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Ko‘proq yangiliklar: