Raneri Mahrezni zaxiraga mixlab qo‘yishdan tap tortmasligini aytib o‘tdi

Sport 16:10 / 27.02.2016 3292

Ayni vaqtda APL turnir jadvalida yetakchilik qilayotgan «Lester» jamoasi bosh murabbiyi Klaudio Raneri jamoa yetakchilaridan biri, jazoirlik yarim himoyachi Riyod Mahrez haqida fikr bildirib o‘tdi.

U o‘z shogirdi boshqa jamoaga o‘tish haqida o‘ylay boshlasa, uni zaxiraga mixlab qo‘yishini bildirgan.

«Agar Riyod yaxshi o‘ynashda davom etsa, asosiy tarkibda maydonga tushaveradi. Ammo boshqa klubga o‘tish haqida o‘ylaydigan bo‘lsa, uni uzoq vaqt davomida zaxira o‘rindig‘ida o‘tirish qismati kutadi.

Mahrezning o‘rnida bo‘lganimda o‘zimga o‘zim: «Ha, meni ko‘p klublar sotib olmoqchi. Ammo men o‘zimning eng yaxshi o‘yinimni namoyish etishda davom etishim lozim. O‘shanda ularda meni sotib olish borasida umuman shubha bo‘lmasligi kerak» degan bo‘lardim.

Biz barcha futbolchilarni tarkibda saqlab qolishni istaymiz.

Agar futbolchilarimdan qaysi biridir kelib, «Lester» mening talablarimga javob bermayapti desa, hamda boshqa jamoaga o‘tish niyati haqida aytsa, men unga «Bor ketaver, senga omad» deyman», deya Ranerining so‘zlaridan iqtibos keltiradi Sky Sports nashri.

Ma'lumot uchun, Riyod Mahrez joriy mavsumda Angliya chempionatida 25 uchrashuvda 14ta gol urgan va 10 golli uzatmani amalga oshirgan. Mahrez «gol+pas» tizimida Angliya chempionatida yetakchilik qilmoqda. Unga bundan oldinroq Angliyaning grandlari hamda «Barselona»dan qiziqish mavjud.

Shuningdek, Riyod Mahrez bolaligidan «Barselona»ga tegishli bo‘lgan «Kamp Nou» o‘yingohida o‘ynashni orzu qilganini aytib o‘tgan.

Ayni vaqtda Mahrezning maoshi haftasiga 35 ming funt sterlingni tashkil etadi. «Lester» 25 yoshli futbolchi bilan shartnomani uzaytirib, uning maoshini ikki barobar oshirmoqchi. Ammo Mahrez «Barselona»dan taklif olishga umid qilayotgani va bu taklifni rad etgani aytilgan.

Ko‘proq yangiliklar: