Germaniyada 130 ming nafar atrofidagi qochqin ular uchun mo‘ljallangan yashash joylariga kelmadi. Germaniya rahbariyati qochqinlarning qayerda ekanligi haqidagi ma'lumotga ega emas.
"Ularning o‘z yurtlariga qaytishlari, Yevropa Ittifoqdagi boshqa mamlakatlarga o‘tishgani yoki noqonuniy maqomga o‘tgani taxminiy sabablardan biri sifatida hisoblanmoqda", – deyiladi Die Linke partiyasining hukumatga qilgan murojatiga yo‘llangan rasmiy xatida.
O‘tgan yili bu mamlakatga 1 milliondan ortiq kishi qochqin maqomini olish uchun so‘rovnoma jo‘natgan. Germaniyaning 12 mintaqasida yangi yil kechasida ayollarga uyushtirilgan hujumlar migratsion qonunchilikni cheklash haqidagi qarorni qabul qilishga olib keldi.
14 yanvarda bundestag qonun qabul qildi va unga ko‘ra Germaniyadan siyosiy boshpana olmoqchi bo‘lgan muhojirlar "qochqin pasporti"ni olishlariga to‘g‘ri keladi. Qochqin maqomini olmoqchi bo‘lgan da'vogarlar GFRga birinchi murojaatlaridayoq shaxsni tasdiqlovchi hujjat olishadi.
Germaniyada joylashgan muhojirlar shu yil fevral oyining oxiridan hujjatlarni ola boshlashadi. Hujjatda ism, tug‘ilgan yil va joy, fuqarolik, jins, bo‘y, ko‘z rangi, sog‘liq haqida, ta'lim, mutaxassislik va din haqida ma'lumotlar keltiriladi. Bundan tashqari, hujjatda surat va barmoq izi ham joylashtiriladi. Barcha hujjatlardagi ma'lumotlar, markaziy ma'lumotlar bazasiga kiritiladi va ularni har bir manfaatdor tashkilotlar hattoki politsiya ham foydalanishi mumkin.
2016-2017 yillarda qochqinlarni joylashtirish, xizmat qilish va til o‘rganish bo‘yicha darslar uchun qariyb 50 milliard yevro kerak bo‘ladi.