O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashida o‘tkazilgan majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi Akademiyasida shuningdek, vazirlik, idora va nodavlat notijorat tashkilotlari qoshidagi malaka oshirish va qayta tayyorlash muassasalarida “Xalqaro va milliy mehnat standartlarining joriy etilishidagi dolzarb vazifalar” mavzusi bo‘yicha o‘quvlar o‘tkazish holati atroflicha muhokama qilindi.
“Ekspert fikri” tadqiqot markazi tomonidan olib borilayotgan qishloq xo‘jaligi sohasida ishga yollash va mehnat sharoitlari yuzasidan miqdoriy tadqiqotning dastlabki natijalari to‘g‘risida axborot tinglandi. Joriy yilning may oyidagi Muvofiqlashtiruvchi kengashning yig‘ilishida miqdoriy tadqiqotning 2-bosqichi yakunlari ko‘rib chiqilishi kelishib olindi.
Shuningdek yig‘ilishda Xalqaro Mehnat Tashkiloti konvensiyalar va tavsiyalar bajarilishi bo‘yicha Ekspertlar Qo‘mitasining “Majburiy mehnatni tugatish to‘g‘risida”gi 105-sonli hamda “Bolalar mehnatining og‘ir shakllari to‘g‘risida”gi 182-sonli Konventsiyalarining O‘zbekiston Respublikasi tomonidan bajarilishi yuzasidan e'lon qilingan ma'ruzasi ham muhokama qilindi.