Rossiya prezidenti matbuot-xizmati boshlig‘i Dmitriy Peskov mamlakatni bir vaqtning o‘zida prezident va bosh vazir tark etgani haqidagi savollarga javob qaytardi.
Uning aytishicha, rahbarlarning har ikkisi ham ittifoqchi davlat hududida bo‘lib turibdi.
"Ular uzoqqa ketgani yo‘q. Prezident va bosh vazir bizga ittifoqchi bo‘lgan davlat hududida", deydi u.
Qonunchilikka ko‘ra, Rossiya prezidenti mamlakat hududida bo‘lmagan vaqtda uning vazifasini vaqtinchalikka hukumat rahbari bajarib turadi.
25 fevral kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin va bosh vazir Dmitriy Medvedev Belarus poytaxti Minskka tashrif buyurdi.
Rossiya va Belarus ittifoqdosh davlati oliy kengashining Minskda bo‘lib o‘tayotgan uchrashuvida belaruslar rahbari Aleksandr Lukashenko Rossiya prezidentini «Dmitriy Anatolevich» deb atagani haqida xabar berilgandi.