Toshkentda 25 fevralda O‘zbekiston va Bolgariya o‘rtasida iqtisodiy va ilmiy-texnik hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 4-yig‘ilishi hamda ikki davlat biznes doiralarining biznes-forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda "Turkiston-press" axborot agentligi.
O‘zbekistondagi muzokaralarda ishtirok etish uchun Bolgariya hukumati va biznesi vakillaridan iborat katta delegatsiya tashrif buyurdi. Delegatsiyaga Bolgariya hududiy rivojlanish va obodonchilik vaziri Lilyana Pavlova boshchilik qildi. Xorijiy delegatsiya tarkibiga Bolgariya iqtisodiyot vazirligi vakili, energetika, atrof-muhit va suv zaxiralari vaziri o‘rinbosari, Milliy yig‘ilish va boshqa hukumat institutlari vakillari hamda 30 dan ko‘proq biznes vakillari kirdi.
O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri Elyor G‘aniyev komissiyaning yig‘ilishini ocha turib, Bolgariyani O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqidagi ishonchli va istiqbolli hamkori deb atadi.
Elyor G‘aniyevning ta'kidlashicha, Bolgariya bilan O‘zbekiston o‘rtasida o‘zaro savdo hajmi 2015 yilda 41,2 mln dollarni tashkil qilgan. Bu esa ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning mavjud salohiyatiga javob bermaydi. G‘aniyev savdo, investitsiyalar, transport, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish uchun barcha sharoitlar mavjud, deb aytdi.
Bolgariya delegatsiyasi rahbari Lilyana Pavlova O‘zbekiston va Bolgariya mavjud salohiyatidan to‘laroq foydalanishi zarurligini tasdiqladi.
O‘zbekistonda Bolgariya investitsiyalari ishtirokida 14 korxona faoliyat olib boradi, ulardan 3 tasi to‘liq Bolgariya kapitali asosida yaratilgan. Bu korxonalar asosan kimyo, to‘qimachilik, vino va qandolatchilik mahsulotlari ishlab chiqarish sohalarida faoliyat yuritadi.