Moskvadagi Strominka ko‘chasida joylashgan tikuv sexi binosida chiqqan yong‘inda halok bo‘lgan 12 kishining shaxsi aniqlandi, tergov davom etmoqda, deb ma'lum qilindi Rossiya Tergov qo‘mitasining Moskva bo‘yicha bosh tergov boshqarmasi saytida.
"Ayni vaqtda bosh boshqarma tergovchilari tomonidan yong‘inda halok bo‘lganlarning jasadlari bo‘yicha genetik tahlil natijalari olindi va bu halok bo‘lganlarning shaxsini aniqlashga imkon berdi", deyilmoqda xabarda.
Qirg‘izistonning Rossiyadagi elchisi bosh tergov boshqarmasiga jinoiy ishning sifatli va tezkor o‘tkazilgani uchun minnatdorchilik bildirdi.
Moskvadagi yirik yong‘in 30 yanvarda kechki payt yuz berdi. Tikuv sexi joylashgan bino yongan. Yong‘in oqibatida 12 kishi: 8 nafar qirg‘izistonlik, 2 nafar qirg‘iz millatidagi Rossiya fuqarosi, 2 nafar o‘zbekistonlik halok bo‘lgan. Noma'lum shaxs tomonidan xorijiy fuqarolarning noturar joy binosida noqonuniy bo‘lishini tashkillashtirish holati bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.