San'at olamida “Sevdim degan mard yigitning kostyumidan mahkam tut”, deya qizlarga qilgan opalarcha maslahati bilan tilga tushgan xushovoz xonanda Dildora Niyozova 25-, 26-, 27 mart kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan konsert dasturiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Ma'lumotlarga ko‘ra, 40ta qo‘shiq orasidan konsert uchun 24tasi saralab olinadi. Repertuar rang-barang bo‘lib, turli tillardagi qo‘shiqlardan iborat. Dasturda xonandaning akasi Nodir Niyozov va o‘g‘lining ham chiqishi kutilmoqda.
Jiddiy sinovga tayyorgarlik ko‘rayotgan qo‘shiqchi jurnalistlar bilan muloqotga ham vaqt ajratmoqda. “Bekajon” gazetasi uchun suhbatda jurnalist Xusniya Pardayevaning “Ijodingizga 15-16 yil bo‘lgan bo‘lsayu, haliyam fonogrammadan jonliga o‘ta olmayapsiz”, degan savoliga javob berarkan, “...jonli kuylash faqatgina xonandaga bog‘liq emas. To‘satdan mikrafon o‘chib qolishi yoki sozandalarda muammo bo‘lishi mumkin. Shu paytda qo‘shiq aytayotgan xonandaning diqqati chalg‘iydi va konsert ham maromiga yetmaydi”, deya javob qaytardi.
Fikr davomida kichik tadbirlaru to‘ylarda vaziyatni o‘za nazorat qila olishi sababli ham jonli kuylashini aytdi. U qachonki o‘ziga 100 foiz ishonib, barchasini nazorat qilsagina, jonli konsert berishini bildirdi.
Internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda deyarli ko‘rinmaysiz, mazmunidagi savolga ijtimoiy tarmoqqa kirib, soatlab vaqt o‘tkazgandan ko‘ra, maktabga borgan o‘g‘lining savollariga javob berishi, darslarini tayyorlashga ko‘maklashishi muhimligini ta'kidladi.