Yaponiyada joylashgan Nishiyama Onsen Keiunkan mehmonxonasi dunyodagi eng ko‘hna mehmonxona sifatida qayd etildi. Bu haqda sayhlik xizmatlari bo‘yicha tadqiqotlar olib boradigan OneTwoTrip markazi xabar bergan.
Manbalarda keltirilishicha, bu qadimiy mehmonxona 705 yilda Fudjivara Maxito ism-sharifli yer egasi tomonidan qurilgan va keyin uning avlodlariga tegishli bo‘lgan. Ayni vaqtda unga Fudjivaralar sulolasining 52 yoshli vakili egalik qilmoqda.
Yamanasi prefekturasida joylashgan bu otelda qadimgi davrlarda samuraylar uchun qo‘noq vazifasini o‘tagan, shuningdek, uning atrofidagi issiq buloqlar kishilarni jalb qilgan. Bu yerga mehmon bo‘lgan mashhurlar orasida feodal, segun Tokugava Ieyasu hamda Yaponiyaning 46-imperatori Kouken nomlari ham bor.
Bu mehmonxonadagi nomerlar an'anaviyligini saqlab qolgan. Xonada bitta mebel hamda polda bir tatami bo‘ladi. Ba'zilarida esa katta bo‘lmagan basseyn ham bor. Qayd etilishicha, bugungi kunda mehmonxonada bir kunga xona olish o‘rtacha 460 dollarga tushadi.
Dunyodagi eng qadimiy mehmonxonalarning ikkinchisi ham Yaponiyada joylashgan. Xonsyu orolidagi Komatsu shahrida 718 yili qurilgan Hōshi Ryokan mehmonxonasi shunday nomga sazovor.
O‘tgan asrlar davomida bu mehmonxona Xoshilar oilasiga tegishli bo‘lgan. Ryokan uslubidagi bu mehmonxonada tomlarning burchaklari qayrilma bo‘ladi. Xonalarning barchasiga somon to‘shamalar solingan, mijozlash shunday to‘shamalarda uxlashadi. Har bir xonada an'anaviy choy damlash marosimini amalga oshirish uchun choynak-piyola va stolcha bor. Bunday mehmonxonalarda hojatxonalar umumiy bo‘ladi. Eng arzon nomer narxi bir kecha uchun 86 dollar.
Dunyodagi eng qadimiy mehmonxonalarning uchinchisi Avstriyadagi Steffner-Wallner oteli. Bu mehmonxona 1027 yilda, Mauterndorf shahri markazida barpo etilgan. Uni Gans va Germi Shteffner-Vallner boshqaradi. Mehmonxonadagi barcha xonalar soni 19ta. Oxirgi marta bu yerda ta'mirlash ishlari 2015 yilning kuzida amalga oshirilgan. Har bir xonada dush, televizor va Wi-Fi bor. Bu mehmonxonada bir kecha tunash uchun narxlar 88 dollardan boshlanadi.
Shuningdek, Belmond Hotel Caruso (Italiya, 1050 yil), Otterburn Castle Country House (Buyuk Britaniya, 1086 yil), Doktorschlössl (Avstriya, 1116 yilda), Zum roten Bären (Germaniya, 1120 yilda) kabi mehmonxonalar dunyoning eng qadimiy mehmonxonalari qatorida sanab o‘tilgan.