O‘zbek mumtoz qo‘shiqlarining mohir ijrochisi, O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti Munojot Yo‘lchiyeva “Darakchi” gazetasiga bergan intervyusida bolalik chog‘larini xotirladi:
“...Ustoz san'atkor Fattohxon Mamadaliyev tumandagi madaniyat uyida ansambl tashkil qilib berish uchun taklif qilingan. Lekin ijrochilar ko‘p bo‘lgani bois, meni xonanda sifatida qabul qilishmagan. Raqqosalar kam bo‘lgani uchun “ritm”ga mos raqs tusha oladigan qizlar qatori men ham raqs bilan shug‘ullanganman...”
Xonanda suhbat davomida madaniyat uyida raqs o‘rganib yurgani, ammo qo‘shiq kuylatishmagani uchun madaniyat uyiga bormay qo‘ygani va maktabda matematika faniga uquvi kam ekanini ham esga oldi.
Shuningdek, xonandaning ma'lum qilishicha, otasi uning qo‘shiqchi bo‘lishiga qattiq qarshilik ko‘rsatgan. Biroq tog‘asining daldasi va maslahati bilan undan rozilik olishga erishgan. Hatto konservatoriyada Munojot Yo‘lchiyevani “ovozingiz opera xonandaligiga to‘g‘ri kelmaydi”, deb vokal yo‘nalishiga o‘qishga qabul qilishmagan.