Shvetsiyaning Doro kompaniyasi yoshi ulug‘ foydalanuvchilar uchun qurilmalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
MWC 2016 ko‘rgazmasida kompaniya ota-onalar, buvilar va buvalarning zamonaviy texnologiyalar bilan munosabatini yaqinlashtiruvchi yangi smartfonni taqdim etdi.
Bu qurilma o‘zining juda oddiy interfeysi bilan ajralib turadi: boshlang‘ich ekranda faqatgina “Qo‘ng‘iroq qilish”, “Ko‘rib chiqish” va “Yuborish” buyruqlari o‘rnatilgan.
Doro mutaxassislari shuni tushunishadiki, yoshi katta inson uchun dasturlarni chuqur o‘rganish qiyin. Taqdim etilgan qurilmada esa suratni jo‘natish uchun “Yuborish” tugmasini bosish kifoya qiladi. Qiyin vaziyatlardan qochish uchun, sozlash menyulari ham tushunarli va sodda ravishda tuzilgan.
Smartfonning eng muhim jihatlaridan biri bu yaqinlar bilan muloqotni osonlashtiruvchi Connect & Care programmasi hisoblanadi. Misol uchun, agar foydalanuvchiga uy ishlari bo‘yicha yordam kerak bo‘lsa, programma maxsus xabar jo‘natadi. Yana bir muhim jihatlardan biri, bu qurilmaning orqa panelida joylashgan tezkor “yordam tugmasi”.
Doro smartfoni AQShda shu yilning oxirida sotuvga chiqariladi. Qurilmaning narxi haqida ma'lumot yo‘q, lekin Connect & Care programmasi uchun oyiga 3 dollar to‘lash kerak.