AQSh hukumati internetda IShID terrorchilik guruhiga qarshi kurashni faollashtirmoqchi va shuning uchun yirik kompaniyalardan ijtimoiy tarmoqlar orqali ekstremistlarga qarshi kurashda ko‘mak berishni so‘radi, deb xabar bermoqda CNN telekanali.
Telekanal ma'lumotlariga ko‘ra, AQSh adliya vazirligiga shu maqsadda Apple, Twitter, Snapchat, Facebook, MTV va Buzzfeed kompaniyalari rahbarlari chaqirtirildi. Ta'kidlanishicha, Milliy aksilterrorchilik markazi direktori Nikolas Rasmussen ularga AQSh ma'muriyati ijtimoiy tarmoqlarda IShIDga qarshi kurashni kuchaytirganini aytgan.
Uchrashuvda deyarli 50 ta kompaniya vakillari ishtirok etgan. Unda, shuningdek, ko‘plab hukumat strukturalari, jumladan adliya vazirligi, AQSh Davlat departamenti va Oq uy huzuridagi Milliy xavfsizlik kengashi ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida kompaniyalar rahbarlariga IShID tomonidan xabarlarni tarqatishda qo‘llanadigan texnologiyalar hamda terrorchilik tashviqotiga qarshi kurashish rejalari haqida ma'lumot berildi.