Bu yil atoqli kompozitor, bastakor, O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi musiqasining muallifi, o‘zbek san'ati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan O‘zbekiston xalq artisti Mutal Burhonov tavalludiga 100 yil to‘ladi. Shu munosabat bilan bir qator tashkilot va muassasalar hamkorligida ta'lim muassasalari, harbiy qismlar, korxona va tashkilotlar, mahallalarda bastakorlar, san'atkorlar, adiblar va olimlar ishtirokida Mutal Burhonov ijodiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiya, uchrashuvlar, badiiy-ma'rifiy kechalar, anjumanlar tashkil etilmoqda.
Kompozitor o‘z ijodiy faoliyati davomida “Ey, bulbul”, “Ishq o‘ti”, “Gul diyorim”, “Go‘zal Farg‘ona”, “Vatan qo‘shig‘i”, “Tabassum qilmading”, “Yurak sadosi”, “Kelsa nogoh...”, “Nega tark etding”, “Unutmas meni bog‘im”, “Shoir orzusi”, “Bahor qushlari” singari romans, qo‘shiqlar, yakkaxon va simfonik orkestr uchun ballada, romans-poema, vokal-simfonik poemalar yaratgan.
Qolaversa, u birinchilardan bo‘lib “Go‘zal qizga”, “Yorlarim”, “Sari ko‘hi baland”, “Zarragul”, “Bibigul”, “Ayriliq”, “Sayra”, “Dudaray”, “Chashmi siyoh”, “Guli gandum”, “Damkul-damkul” kabi o‘zbek, qoraqalpoq, uyg‘ur, qozoq, afg‘on, tojik, eron xalq qo‘shiqlarini akapella xori uchun moslashtirgan.
Mutal Burhonov milliy musiqa san'ati, madaniyati rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun “Mehnat shuhrati”, “El-yurt hurmati”, “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan mukofotlangan.