Fransiya professional futbol ligasi direktorlari kengashi mamlakat Superkubogining navbatdagi uchrashuvini Avstriyada o‘tkazadigan bo‘ldi. Bu haqda Le Figaro nashri xabar bermoqda.
Uchrashuv joriy yilning 6 avgust kuni Klagenfurtdagi "Xipo-Arena" stadionida bo‘lib o‘tadi. Stadion o‘z bag‘riga 32 ming muxlisni sig‘dira oladi.
Ayni vaqtda chempionlik masalasi amalda hal bo‘lgan. "PSJ" 27 turdan keyin 74 ochko bilan birinchi o‘rinda bormoqda. Ikkinchi o‘rindagi "Monako" esa parijliklardan 24 ochko ortda qolib ketgan.
Hozirga kelib, Fransiya kubogining chorak finaliga chiqqan 8 jamoa nomi ma'lum bo‘lgan. 2-3 mart kunlari "Loryan"-"Gazelek Ayachcho", "Sosho"-"Nant", "Sent-Eten"-"PSJ" hamda "Granvil"-"Marsel" jamoalari o‘z o‘yinlarini o‘tkazishadi.
Agar chempionlik va kubok g‘olibligi "PSJ"ga nasib etsa, Superkubok o‘yini chempion va kubok finaliga chiqqan jamoa o‘rtasida o‘tkaziladi.
O‘tgan yili kubokni "PSJ" jamoasi qo‘lga kiritgandi.
Eslatib o‘tamiz, Fransiya Superkubogining oldingi uchrashuvi Kanadaning Monreal shahrida bo‘lib o‘tgan.