Xitoy Kommunistik partiyasi (XKP) 2016 yilda katta ko‘lamdagi bir qator aksilkorruptsion tekshiruvlar o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Bu tekshiruvlar davomida 32 ta vazirlik va partiya organlari tekshiriladi. Bu haqda XKPning intizomni tekshirish bo‘yicha markaziy komissiyasi saytiga iqtibos keltirgan holda RIA “Novosti” axborot agentligi xabar bermoqda.
Tekshiruvlarning 1-bosqichi XKP markaziy qo‘mitasi tashviqot bo‘limi, islohotlar va rivojlanish bo‘yicha davlat qo‘mitasi, sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi, bosh bojxona boshqarmasiga nisbatan o‘tkaziladi. Shuningdek, adliya, sayohat, qishloq xo‘jaligi vazirliklari, energetika masalalari boshqarmasi va boshqa idoralar ham tekshiriladi.
Shuningdek, hududiy tekshiruvlar o‘tkaziladi. Jumladan, tekshiruvlar Lyaonin, Anxoy, Shandun va Xunan viloyatlarida bo‘lib o‘tadi. Bu hududlarda avval tekshiruvlar o‘tkazilgan, endi komissiya o‘tkazilgan tekshiruvlar natijalarini tekshiradi.
Xitoyda korrupsiyaga qarshi katta ko‘lamdagi kurash 2012 yilda hokimiyat tepasiga Si Tszinpinning kelishi bilan boshlandi. O‘shandan beri minglab amaldorlar partiya intizomi va korrupsiya uchun jazolangan.
Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, 2016 yil yanvar oyining o‘zida 5459 nafar amaldor jazolangan. Komissiya ma'lumotlariga ko‘ra, 2015 yilda partiya intizomini buzganlik uchun turli darajadagi deyarli 50 ming amaldor jazolangan.