Hakamlar hay'ati Johnson & Johnson kompaniyasini firibgarlikda hamda ularning mahsuloti sog‘liqqa tuzatib bo‘lmas ziyon yetkazishi mumkinligi haqidagi ma'lumotni yashirganlikda aybdor deb topdi.
"Missuri shtati sudi kosmetik mahsulotlar ishlab chiqaruvchi yirik Johnson & Johnson kompaniyasi zimmasiga rak tufayli dunyodan ko‘z yumgan ayol oilasiga 72 million dollar miqdorida tovon puli to‘lab berish majburiyatini yukladi. Sent-Luis shahri hakamlar hay'ati shunday qarorga kelishdi", deb xabar beradi Reuters agentligi.
Alabama shtati Birmingem shahrida yashagan Jaklin Foks 2015 yilning oktabr oyida 62 yoshida tuxumdon saratoni tufayli olamdan o‘tgach, uning qarindoshlari Johnson & Johnson ga qarshi da'vo arizasi bilan murojaat etishgan. Ularning fikricha, marhuma 35 yil davomida ushbu kompaniya mahsulotlari, jumladan jinsiy gigiyena va bolalar upasidan doimiy ravishda foydalanib kelgani uchun kasallik paydo bo‘lgan va rivojlanib borgan.
Johnson & Johnson sud qaroridan norozi ekanliklarini e'lon qildilar, ammo shikoyat bilan murojaat qilishlarini aniq bildirmadilar.
Johnson & Johnson kompaniyasiga qarshi yuzlab arizalar kelib tushadi. Jabr ko‘rganlarning fikricha, kompaniya o‘z savdosi haqida qayg‘urib, ba'zi mahsulotlari saraton chaqirishi mumkinligini mijozlaridan yashirib kelgan. Foks oilasining da'vosi Amerikada ilk bor Johnson & Johnson kompaniyasidan tovon undirilishi bilan yakunlandi.
1886 yili asos solingan Johnson & Johnson dunyodagi eng yirik kosmetik, sanitar-gigiyenik va tibbiyot uskunalarini ishlab chiqaruvchi kompaniyalardan biridir. AQShning eng katta korxonalari ro‘yxatida 37-o‘rinni egallaydi. 2014 yilda kompaniyaning pul aylanmasi 74 milliard dollarni tashkil etgan.