Shveytsariya hukumati 2018 va 2022 yildagi jahon chempionatlari mezbonligini Rossiya va Qatarga berish bo‘yicha qaror bilan bog‘liq bo‘lgan FIFAdagi shubhali moliyaviy ishlar haqida olingan 152 ta xabarni tekshirmoqda. Bu haqda Shveytsariya bosh prokuraturasi raisi ma'lum qildi. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar bermoqda.
2015 yil dekabrida Shveytsariya prokuraturasi bunday 133 ta xabarni tekshirayotgani ma'lum qilingandi.
"Ayni vaqtda prokuratura futbol bo‘yicha joriy tergovlar bilan bog‘liq shubhali moliyaviy ishlar haqidagi 152 ta xabarni tekshirmoqda", deb aytdi prokuratura vakili.
FIFA tarixidagi eng yirik mojaro 2015 yilning may oyi oxirida avj oldi, o‘shanda tashkilot prezidenti lavozimiga saylovlardan ikki kun avval Tsyurixdagi mehmonxonada AQShning so‘rovi bilan shveysar politsiyasi tashkilotning 7 nafar yuqori lavozimli amaldorlarini korrupsiyada gumon qilib hibsga olgan. AQSh adliya vazirligining ma'lumotlariga ko‘ra, ular 24 yil davomida 150 mln dollarga yaqin pora olgan.
Shveytsariya politsiyasi 2010, 2018 va 2022 yilgi jahon chempionatlari mezbonlarini aniqlash saylovlarida pullarni yuvishga aloqador bo‘lgan bir guruh noma'lum shaxslarga jinoiy ish qo‘zg‘atgan. FIFAning o‘shandagi prezidenti Yozef Blatter 29 mayda navbatdagi muddatga qayta saylangan, biroq 4 kundan keyin korrupsiya mojarosi ortida iste'foga ketishini e'lon qilgan.