O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Rayhon G‘aniyevaning an'anaviy kontser dasturi bu yil ham o‘zbeklarga xos tarzda o‘z vaqtidan 40 daqiqa kech boshlandi. Hamma joylar san'atkorning muxlislari va shunchaki dam olgani kelganlar bilan to‘lgan.
Nihoyat, Misr madaniyatini aks etgan raqqoslar sahnada paydo bo‘lishdi. Malika Kleopatra obrazidagi yuqoridan tushib kelgan Rayhonni muxlislar jo‘shqin qarsaklar bilan kutib oldilar. “Sening sevging” qo‘shig‘i dasturni ochib berdi.
Qo‘shiqchi Rayhongagina xos o‘zbek tilida bu konsertini hammasidan ham ko‘proq sog‘inib kutganini aytdi, agar muxlislari ham Rayhonni sog‘ingan bo‘lsalar (rus tilida davom etib) telefonlarining maxsus chiroqlarini yoqishlarini so‘radi.
Misr mavzusining davomi sifatida g‘ayritabiiy “mumiyolangan” raqqoslarning “g‘ayrioddiy” raqsi namoyish etildi. Umuman, konsert davomida yosh va zamonaviy raqqoslar katta o‘rin egallashgan.
2-qism qo‘shiqqa monand kiyingan xonandaning “Parvoz etay” qo‘shig‘i bilan boshlandi. Kontsertda ijro etilgan qo‘shiqlarning aksariyati ayriliq va baxtsiz sevgi iztiroblarini aks etuvchi qo‘shiqlardan tashkil topgan. Rayhonning o‘zi ham yolg‘izlik uning uchun doim og‘riqli mavzu bo‘lganini aytdi va “hammaning uyida sog‘ingan, kutgan odami bo‘lishi”ni tiladi.
Turmush tarzimizga singib ketgan tarzda qo‘shiqning o‘rtasida gullar va o‘yinchoqlar hadyasi boshlanib ketdi. Tansoqchilarning extiyotkorligiga qaramasdan, Rayhon sovg‘alarni oldi (mikrofon pastda bo‘lishiga qaramasdan qo‘shiq o‘z “yo‘lida” davom etdi) va xursand ekanligini bildirdi.
Aytish lozimki, butun shou dastur davomida qo‘shiqchi va muxlislar o‘rtasida beg‘ubor iliq munosabat hukm surdi. Xuddi bir-birini sog‘ingan ko‘ngillar uchrashgandek...
Tomoshabinlarning aksariyati telefonlarning chiroqlarini yoqib sevimli san'atkorlarini qo‘llab-quvvatlab turdilar, bu zalda ajoyib chiroyli manzara hosil qildi.
Sahna deyarli bezak yo‘q, sahnani to‘ldirib turgan ulkan monitorlarda san'atkor kiyimlarini almashtirish chog‘ida turli videolar, xususan Rayxonning bir qo‘shig‘i fleshmobi namoyish etib turildi.