Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko o‘z ma'muriyati uchun o‘z shaxsiy mablag‘laridan 176 ta noutbuk sotib oldi, deb yozmoqda "Ukrainskaya pravda" nashri.
Hammasi bo‘lib Poroshenko ma'muriyatida 527 ta kompyuter borligi aytilmoqda.
Ta'kidlanishicha, 2014 yilda tekshiruvlar vaqtida ma'muriyatdagi 522 ta kompyuterdan 270 tasi "umuman foydalanib bo‘lmaydigan holatda bo‘lgan va axborot xavfsizligiga katta xavf solgan, chunki ularga zamonaviy dasturlar va josuslik dasturlaridan himoya qilish tizimlarini o‘rnatib bo‘lmagan".
Shundan keyin Poroshenko yangi noutbuklar sotib olish va 59 ta eski kompyuterni yangilash uchun o‘z yonidan 2,4 mln grivna ajratgan.
Xabarda aytilishicha, Ukraina prezidenti bunday yo‘l tutishiga byudjyetda pulning yo‘qligi hamda bosh vazir Arseniy Yatsenyuk hukumati 2014 yil 1 martda davlat muassasalari uchun bunday texnikani sotib olishni taqiqlovchi qaror qabul qilgani sabab bo‘lgan.