Italiya bosh vaziri Yevropa yetakchilariga muhojirlar haqidagi filmni sovg‘a qilmoqchi

Jahon 10:33 / 24.02.2016 2068

Italiya bosh vaziri Matteo Rentsi Yevropa Ittifoqining navbatdagi sammitiga oxirgi Berlin kinofestivalida bosh mukofotni qo‘lga kiritgan, italiyalik rejissyor Janfranko Rozining muhojirlar muammosiga bag‘ishlangan "Dengizdagi alanga" (Fuocoammare) hujjatli filmi yozilgan 27 ta DVD-diskni olib bormoqchi va ularni Yevropaning qolgan davlatlari yetakchilariga ulashmoqchi. Bu haqda Rentsi o‘zining shaxsiy blogida aytib o‘tdi.

"Men e'tiborga loyiq italyan kinosi tarafdoriman. Biroq men tanlangan mavzuni ham qo‘llab-quvvatlayman. Bu film Lampeduzaning hotamtoyligi, orolga kelayotgan muhojirlarni avvalambor raqamlar emas, insonlar deb qabul qiladigan orolning erkaklari va ayollari haqidadir. Men keyingi Yevropa kengashiga 27 nafar yevropalik hamkasbimga ushbu film yozilgan 27 ta disk olib boraman. Umid qilamanki, ular bu filmni ko‘rishga vaqt topadilar. Va uni ko‘rganlaridan keyin muhojirlar muammosi haqida boshqacha munosabat bilan gaplashishimiz mumkin bo‘ladi", deb yozdi Rentsi.

Rentsi muhojirlar muammosini hal qilish uchun murosaga borishni istamayotgan ba'zi davlatlarni tanqid qiladi. Italiya anchadan beri muhojirlarni qabul qilish yo‘lida birinchi sarhad hisoblanadi. Muhojirlardan ko‘pi Sitsiliya bo‘g‘ozi orqali deyarli "Yevropa uchun eshik"ka aylangan kichkina Lampeduza oroliga yetib olish uchun o‘z hayotlarini xatarga qo‘yishadi.

"Dengizda alanga" hujjatli filmi Lampeduza orolidagi muhojirlar haqidagi film. Avvalroq muhojirlar muammosiga bag‘ishlangan, Emanuele Krialezening "Qit'a" (Terraferma) badiiy filmi 2011 yilda Venetsiya kinofestivalida "Avliyo Mark kumush sheri" mukofotining sovrindori bo‘lgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: