Gretsiya Yevropadagi eng talabgor aviayo‘nalish deb e'lon qilindi

Jahon 11:18 / 24.02.2016 2612

Iqtisodiy muammolar domida qolgan bo‘lishiga qaramay Gretsiya Yevropadagi eng mashhur va talabgor mavsumiy aviayo‘nalish bo‘lib qolmoqda. Bu haqda Gretsiya matbuotiga tayanib 1news.uz yangiliklar agentligi muxbiri Shuhrat Oripov kun.uz uchun Afinadan xabar bermoqda.

Kuni kecha Yevropa aviakompaniyalari uyushmasi aviareyslar sonini 4 foizga oshirish bo‘yicha qaror qabul qildi. Uyushma vakiliga ko‘ra umumiy hisobda 255 ta yangi aviayo‘nalish joriy etilishi rejalashtirilmoqda va ularning qariyb 200 ga yaqini Yevropa ichki xududiga to‘g‘ri keladi. Bu yo‘nalishlarning aksariyati mavsumiy xususiyatga ega bo‘lib, ular orasida Gretsiya eng mashhur va eng talabgor aviayo‘nalish bo‘lib qolmoqda. Ayniqsa, Gretsiya orollariga aviatashuvlarga talab yuqori. Bu borada Italiya ikkinchi, Ispaniya uchinchi va Shotlandiya to‘rtinchi o‘rinni band etgan.

Gretsiyaning bunday e'tirofga loyiq ko‘rilishi tasodifiy xol emas. Fevral oyining boshlarida Bryusselda Best European Destination jamoat tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan yillik ovoz berish jarayonida Afina shahri 2016 yilda Yevropadagi eng yaxshi turizm yo‘nalishi nominatsiyasida 2-o‘ringa munosib ko‘rilgan edi. Ovoz berish jarayonida 179 ta davlatdan 289 ming fuqaro ishtirok etdi.

Buyuk Britaniyadagi Telegraph gazetasining yozishicha, Yevropadagi eng tarovatli va hordik chiqarishga qulay 18 ta orolning 6 tasi aynan Gretsiya xududida joylashgan. Bular - Kastelorizo, Meganisi, Monemvasiya, Kea, Kufonisya va Ios orollaridir. Telegraph talqiniga ko‘ra, Gretsiyaning Rodos, Korfu va Lefkas orollari Yevropaning oilaviy hordik chiqarishga mo‘ljallangan eng mashhur 11 ta orollari tarkibiga kiradi.

Jahondagi eng yetakchi turistik platformalardan biri Trip Advisor o‘tkazgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, Gretsiyaning Krit orolida joylashgan Yelafonisi plyaji 2016 yilda Yevropada ikkinchi o‘rinda va dunyodagi 14 ta eng yaxshi plyajlarning biri sifatida qayd etildi. Shuningdek, so‘rovnoma ishtirokchilari Gretsiyaning Limnionas, Balos, Agios Pavlos, Sarakiniko va Egremni plyajlarini Yevropaning eng yaxshi 15 ta plyaji ro‘yxatiga kiritdilar. So‘rovnoma platforma foydalanuvchilari o‘rtasida 12 oy mobaynida o‘tkazildi.

Shunisi qizikki, turistlarda Gretsiyaning qishki kurortlariga ham qiziqish yil sayin ortib bormoqda. Jumladan, yaqinda olib borilgan tadqiqotda Metsovo dam olish zonasi dunyodagi 50 ta mashhur chang‘i uchishga mo‘ljallangan kurortlar orasida 6-o‘rinni egalladi. Bu ro‘yxatdan Metsovodan tashqari Gretsiyaning yana 5 ta qishki turistik yo‘nalishi ham joy olgan.

Olimpiada vatani bo‘lmish Gretsiya nafaqat betakror tabiatga ega orollari va tog‘li kurortlari bilan, balki jahonga mashhur tarixiy yodgorliklari bilan ham turistlarni o‘ziga rom etmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: