Daniyada oziq-ovqat chiqindilari sotiladigan ilk supermarket ochildi

Jamiyat 17:23 / 24.02.2016 3037

Daniya poytaxti Kopengagen shahrida oziq-ovqat chiqindilari sotiladigan ilk supermarket ochildi. Bu haqda The Independent xabar bergan.

Wefood nomli bu supermarket xo‘jayinlari bu orqali Daniyada chiqindiga aylanadigan va isrof bo‘ladigan mahsulotlarni kamaytirishni mo‘ljallashgan. Ayni vaqtda bu supermarketga kuniga 700 ming tonna atrofida eskirgan mahsulotlar keltirilmoqda.

Xabar qilinishicha, do‘konda xaridorlar biroz eskirgan mahsulotlarni odatdagi do‘konlardagidan 30-50 foizgacha arzonroqqa olishlari mumkin.

Daniya Atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri Yeva Ker Xansen bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan. Uning fikricha, bunday do‘konlar ochish oziq-ovqat mahsulotlarining chiqitga chiqarilishiga qarshi kurashda muhim qadam bo‘ladi.

"Bu yerga keltirilayotgan oziq-ovqatlar shunchaki tashlab yuborilishi mumkin edi. Bu esa atrof-muhitni ifloslantiradi. Shuningdek, iqtisod uchun ziyon keltirardi", deydi u.

Bu supermarket ochilishida Daniya malikasi Mari ham ishtirok etgan.

Nashrning qayd etib o‘tishicha, Daniya oziq-ovqat chiqindilari muammosiga qarshi jiddiy kurash olib bormoqda. Keyingi 5 yil davomida mamlakatda bunday chiqindilar 25 foizga qisqarishiga erishilgan.

Bundan oldinroq, Fransiyada oziq-ovqatlarni do‘konlardan chiqitga tashlash rasman man qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: