«Oxus» ansambli 7-20 Fevral kunlari o‘zbek mumtoz va an'anaviy musiqa namunalaridan tayyorlangan dastur asosida Latviya, Estoniya va Finlandiyada davlatlarida ijodiy safarda bo‘lib qaytishdi.
Ushbu konsert safari Estoniyaning MUUILMAMUUSIKA tashkiloti tomonidan «OXUS Culture» tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan bo‘lib, buyuk mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 575 yilligi hamda davlat arbobi, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning 533 yilligiga bag‘ishlandi. Safardan ko‘zlangan maqsad esa Boltiqbo‘yi mamlakatlari aholisini Shashmaqom musiqa merosi bilan yaqindan tanishtirish bo‘ldi.
Estoniyaning Tallinn, Tartuu hamda, Vilyandi shaharlaridagi konsertlarda Navoiyning «Farhod va Shirin» hamda «Saddi Iskandariy» dostonlarining eston tilidagi tarjimalaridan parchalar o‘qib eshittirildi. Tallinda bo‘lib o‘tgan konsertda ushbu dostonlardan parchalarni tarjimon - Li Seppel-Exin (Ly Seppel-Ehin)ning shaxsan o‘zi o‘qib berdi.
MUUILMAMUUSIKA rahbari Hannes Pikkat:
“O‘zbekistonda yashayotganimga uch yil bo‘ldi. Shu vaqt mobaynida O‘zbek xalqiga, tarixiga va o‘ziga xos madaniy merosiga mehr qo‘ydim. Musiqani qo‘llab-quvvatlovchi shaxs sifatida sifatida O‘zbek an'anaviy mumtoz musiqasini O‘rta Osiyodan kengroq hududlarga yoyilishi va tanilishiga yordam berishga tabiiy holat deb qarayman. Oxus Culture tashkilotining rahbari, sozanda va musiqa sohasida faol ijod qilib kelayotgan Husniddin Ato bilan uchrashganimdan buyon O‘zbek musiqachilari bilan musiqiy safar tashkil qilish haqida o‘ylab qo‘ygandim. O‘tgan yili avgust oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan Sharq Taronalari Festivalida hakamlar hay'atining a'zosi sifatida qatnashdim va shu vaqt mobaynida Boltiqbo‘yi hududida bo‘lishi rejalashtirilayotgan konsert safarini hozirlash uchun hamkorlar izlay boshladim.
2016 yil fevralda bo‘lishi kutilgan Navoiyning 575 yilligi va Boburning 533 yilligi musiqa, adabiyot va tarixni birlashtiruvchi loyiha uchun ajoyib imkoniyat hozirladi. Ikkala shoirning g‘azallari namunalarini o‘z repertuarida jamlaganligi, sozandalar cholg‘u asboblari tanlovining kengligi hamda guruh a'zolarining musiqaga bo‘lgan kamtarona fidoiyliklari uchun ham OXUS ansambli bilan ishlashga to‘xtaldim. Latviya, Estoniya va Finlandiyaning shahar, tuman va qishloqlari bo‘ylab bosib o‘tilgan 3000 kmlik masofa, 12 konsert va ikkita amaliy musiqa mashg‘ulotlaridan so‘ng shuni tan olishim mumkin-ki, topshiriq to‘liq bajarildi.
Kontsertlarga tashrif buyurganlarning ko‘pchiligi Shashmaqom haqida avval umuman eshitishmagan ham edi. Guruh Latviya Televideniyesi uchun intervyular berdi, Estoniya Radiosida jonli ijro qildi hamda sozandalar, yozuvchilar, festival tashkilotchilari, mahalliy guruhlar bilan uchrashuvlarda qatnashdi”.
Shavkat Matyoqubov («Oxus» ansambli xonanda va sozandasi):]
«Safarimiz juda yaxshi o‘tdi. O‘zbek millatining faxri bo‘lgan buyuk bobokalonlarimiz Hazrat Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur kabi allomalarimizni g‘azallari o‘qilib, shoirlar g‘azallari bilan aytiladigan maqom va mumtoz asarlardan ijro etish bilan birgalikda, o‘zbek xalq kuylaridan ham ijro etdik.
Ayniqsa, Tallindagi konsertda Hazrat Navoiyning «Farhod va Shirin» hamda «Saddi Iskandariy» dostonlaridan parchalar ularni eston tiliga tarjima qilgan Ly Seppel-Ehin (Li Seppel-Exin) tomonidan o‘qib eshittirilgani ushbu konsert uchun juda katta tarixiy ahamiyat kasb etdi.
Kontsertlarga tashrif buyurganlar asosan o‘rta yoshli tinglovchilar bo‘lib konsertdan olgan taassurotlari ulkan ekanligini aytib, minnatdorchilik bildirishdi. Mamnumiyat bilan shuni aytishim mumkinki, bizni konsertlarga tashrif buyurgan tomoshabinlarni mumtoz musiqamiz bilan tanishtiribgina qolmay, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur ijodlaridan ham oz bo‘lsa-da bahramand qila oldik».