Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSh prezidenti Barak Obama Suriyada o‘t ochishni to‘xtatishni ma'qullashdi. Bu haqda Putin " Rossiya 1" telekanali orqali ko‘rsatilgan nutqida aytib o‘tdi.
"Hozirgina AQSh prezidenti Barak Obama bilan telefon orqali suhbat bo‘ldi. Suhbat o‘tkazish Rossiya tomonidan bildirildi, biroq ikkala tomon ham bundan manfaatdor. Suhbat davomida biz Suriyadagi jangovar harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha Rossiya va AQShning qo‘shma bayonotini ma'qulladik", deb aytdi Putin.
Prezident Suriyada o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni qon to‘kilishini to‘xtatish uchun real qadam deb atadi.
"Aminmanki, AQSh bilan tinchlikni ta'minlash bo‘yicha birgalikdagi harakatlar Suriyadagi inqirozli vaziyatni tubdan o‘zgartirishga qodir. Nihoyat ko‘p yillik qon to‘kishlar va zo‘ravonlikdarga chek qo‘yish uchun real imkoniyat paydo bo‘ldi", deb ta'kidlab o‘tdi Putin.
Putinning aytishicha, Rossiya kelishuvni amalga oshirish uchun Damashq bilan tegishlicha ish o‘tkazadi, AQSh esa bunday ishni o‘zi qo‘llab-quvvatlayotgan guruhlar bilan o‘tkazadi.
Kelishuvga ko‘ra, Suriyada jang qilayotgan barcha tomonlar o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv 27 fevral yarimtundan kuchga kirishi uchun 26 fevral tushlikkacha o‘zlarining unga amal qilishlarini tasdiqlashlari kerak.
Putinning ta'kidlashicha, kelishuv kuchga kirgandan keyin ham IShID va Suriyadagi boshqa terrorchilik guruhlariga zarbalar berish davom ettirilaveradi.