Kataloniyaning «Barselona» klubi hujumchisi Neymar jamoa bilan shartnomasini uzaytirish bo‘yicha og‘zaki kelishuvga erishdi. Bu haqda Cadena COPE radiosi xabar tarqatdi.
Ispan radiosi ma'lumotlariga ishonadigan bo‘lsak, tomonlar shartnoma yana uch yilga uzaytirishga kelishib olishgan. Braziliya terma jamoasi sardorining kataloniyaliklar bilan amaldagi shartnomasi 2018 yilning yoziga qadar mo‘ljallangandi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Neymarni "Real", "Manchester Siti" va "Manchester Yunayted" jamoalari uning shartnomasida ko‘rsatilgan 190 million yevro tovon puli evaziga bo‘lsada sotib olishga tayyorligini bildirgandi.
Neymar "Barselona" safiga 2013 yilda Braziliyaning "Santos" jamoasidan 57,1 mln yevro evaziga kelib qo‘shilgan, keyinroq kataloniyaliklar rahbariyati uning transferi uchun jami 100 mln yevro sarflangani haqida ma'lum qilgandi.
Joriy mavsumda Neymar kataloniyaliklarning barcha turnirlardagi o‘yinlarida 32ta o‘yinda maydonga tushib, 23ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan.