Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining ijtimoiy muhofaza bo‘limi Sog‘liqni saqlash vazirligi tasarrufiga o‘tkazildi.
Mehnat va O‘zbekiston aholisini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi Mehnat vazirligiga aylantirildi. Bu Prezident Islom Karimovning 2016 yil 22 fevral kuni qabul qilgan “Aholining zaif qatlamini ijtimoiy muhofaza qilish hamda tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilab qo‘yilgan.
Hujjatga binoan, nogiron, jumladan, nogiron bolalar, urush qatnashchilari, mehnat faxriylari, yolg‘iz qariyalar va aholining boshqa zaif qatlamlariga tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish, shuningdek, imkoniyati cheklangan insonlarni kasbiy-hunar o‘rganishlarini tashkillashtirish va inklyuziv kasbiy ta'limni rivojlantirish masalalari endi Sog‘liqni saqlash vazirligi zimmasiga yuklatildi.
Avval Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi amalga oshirgan ehtiyojmand oilalar va fuqarolarga ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam tayinlash va to‘lashni nazorat qilish vazifalari Moliya vazirligiga o‘tkazildi (pensiya bilan ta'minlash masalalari 2010 yildan buyon Moliya vazirligi huzurida joriy etilgan Pensiya jamg‘armasi zimmasida).
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi qamrovida bo‘lgan “Muruvvat” internat-uylari, “Saxovat” nogironlar va qariyalar uylari, nogironlarni protezlash va reabilitatsiya qilish Milliy markazi, nogironlar uchun reabilitatsion regional markazlar, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriy va pansionatlari, Toshkent va Farg‘onadagi imkoniyatlari cheklangan shaxslar uchun respublika ixtisoslashtirilgan kasb-hunar kollejlari, shuningdek, poytaxtdagi №2 sonli yuridik kolleji Sog‘liqni saqlash vazirligi tasarrufiga o‘tkazildi.
Mehnat vazirligi faoliyatining asosiy vazifa va yo‘nalishlari aholi bandligi darajasini tizimli tartibda chuqur tahlil qilish, bandlikni ta'minlash dasturini amalga oshirishni ishlab chiqish va monitoring qilishni muvofiqlashtirish, deb belgilab qo‘yildi.
Mehnat vazirligi aholining ishsiz qatlami, birinchi navbatda, yoshlar, ayollar va nogironlarni ish bilan ta'minlanishida amaliy yordam ko‘rsatish, kasb-hunar o‘rgatish va malakasini oshirish mas'uliyatini ham o‘z bo‘yniga oladi. Bundan tashqari, mehnat vazirligi zimmasiga mehnat va bandlikni muhofaza qilish sohasi qonunchiligida muvofiqlikning ta'minlanishini nazorat qilish ham yuklatildi.
Davlat rahbarining farmonida belgilanishicha, qabul qilingan qaror nogironlar, urush va mehnat faxriylari, yolg‘iz qariyalar va aholining boshqa zaif qatlamlari turmush darajasi va sifatini oshirish, tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirishga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2010 yil 1 yanvardan pensiya, shuningdek, ijtimoiy nafaqalar, tovon pullari va boshqa to‘lovlarni tayinlash, moliyalashtirish, hisob-kitob va monitoring qilish vazifalarini O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi qoshidagi Pensiya jamg‘armasining tegishli hududiy bo‘linmalari amalga oshiradi.