Malayziya Avstraliya qirollikda uyushtirilishi mumkin bo‘lgan teraktlar haqidagi ma'lumotlarni bermay, o‘z fuqarolariga Kuala-Lumpur va boshqa shaharlarga bormaslikni tavsiya qilganidan norozilik bildirdi. Bu haqda Star gazetasi xabar bermoqda.
"Bizga bunday xulosalarga nima asosida kelingani noma'lum, bundan tashqari, avstraliyaliklar haqiqatan ham teraktlar haqida ma'lumotlarga egaligiga ishonch mavjud emas", deb aytdi Malayziya politsiyasi shefi Holid Abu Bakr.
Uning aytishicha, "davlatlar bu sohada hamkorlik qilishlari kerak va agar ularda ma'lumotlar bo‘lsa, unda ular bilan bo‘lishlari lozim". "Malayziya maxsus xizmatlari gap ekstremistlar haqida ketayotgan bunday vaziyatlarda hamisha o‘z hamkasblariga, jumladan avstraliyaliklarga mavjud ma'lumotlarni taqdim qiladilar", deb aytdi Abu Bakr.
21 fevralda Avstraliya tashqi ishlar vazirligi o‘z fuqarolariga Malayziyaga bormaslikni tavsiya qildi, chunki "g‘arb davlatlari fuqarolari tashrif buyuradigan joylar xatarga uchrashi mumkin". Bu orada Malayziyaning sayyohlik va madaniyat vaziri Nazri Abdulaziz mamlakat hamon xorijliklar uchun xavfsiz ekanligini aytib o‘tdi. "Vaziyat nazorat ostida va bunga ishonchimiz komil", deb aytdi Abdulaziz.